Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   13665   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Moshina haydovchining 66 ta ODOBI (4-qism)

16.06.2025   5449   8 min.
Moshina haydovchining 66 ta ODOBI (4-qism)

MOSHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI

ni

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

     (4-qism)

MOSHINA HAYDOVCHINING  66 ta ODOBI

(bularning aksi

mo‘min-musulmon insonga

mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi!!!)

 

  1. Moshinaga minishda yaxshi niyat bilan eng avvalo «Auuzu billohi minashshaytonir rajim!», «Bismillohir rahmonir rahim!» deb, o‘ng qo‘l bilan eshikni ochib, o‘ng oyog‘ini oldin bosib chiqishlik.
  2. Moshinaga chiqayotib, salom berishlik.
  3. Moshinaga minganda, qisqagina tilovat qilib, o‘tganlarning haqlariga duo qilib, belgilangan duolarini o‘qishlik.
  4. Moshinada o‘zini xuddi birovning uyida yoki jamoatchilik joyida o‘tirgandek tutishlik.
  5. Moshinani ichki va tashqi tomonlarini doim toza, ozoda va pokiza tutishlik.
  6. Moshinaning texnik talablarini buzmasdan, ularga so‘zsiz va to‘liq rioya etishlik.
  7. Moshinani har doim barcha joylari sozlangan va minishga yaroqli holda haydamoqlik.
  8. Yo‘lga chiqishdan oldin ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)ning duolarini olib chiqishlik.
  9. O‘zi yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rishlik.
  10. Bir-biriga nisbatan rahmdillik, mehr-oqibat, hurmat va bag‘rikenglik bilan muomala qilishlik.
  11. Odamlar bilan muomalada hayo, uyatni unutmaslik.
  12. Nafaqat insonlar bilan, balki hayvon, parranda, hasharotlar hatto o‘simliklar bilan ham chiroyli xulq-odob bilan muomala qilishlik.
  13. O‘zidan kattalarni doim hurmat qilishlik.
  14. O‘zidan kichiklarni doim izzat qilishlik.
  15. Hargiz va hargiz boshqalarga noqulaylik tug‘dirmaslik.
  16. Hech kimga hech qayerda va hech narsaga jahl qilmaslik!
  17. Atrofdagilar bilan doim shirinsuxan bo‘lishlik!
  18. Yo‘l asnosida atrofdagilarga biror savol bilan murojaat qilganda, javob bergan odamga minnatdorchilik izhor etishlik.
  19. Moshina haydovchisi til, qo‘l, oyoq va boshqa harakatlar orqali ham boshqalarga ozor berishi dinimiz ko‘rsatmalariga aslo to‘g‘ri kelmaydigan amal. Chunki bunday ishlar muborak oyati-karimalar va hadisi-shariflarda qattiq qoralangan.
  20. Yo‘l harakat qoidalari va yo‘lda yurish odoblariga to‘liq va din-diyonat bilan rioya qilishlik.
  21. Moshina bilan ham kechayu-kunduz OTA-ONANING xizmatlarini og‘rinmasdan, mehr bilan bajarib, ULARNING bebaho, beqiyos va betakror duolarini olishlik.
  22. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ning hurmatlarini joyiga qo‘yishlik.
  23. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ga nisbatan beodoblik qilmaslik.
  24. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) oldilaridan imkon qadar kesib o‘tmaslik. Mabodo shunga majbur bo‘lib qolgan holda, uzr aytib, kechirim so‘rashlik.
  25. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)  ning imkon qadar oldilariga tushib yurmaslik. Mabodo shunga majbur bo‘lib qolgan holda, uzr aytib, kechirim so‘rashlik.
  26. O‘z aka-uka, opa-singillariga moshina bilan ham mehribonlik qilib, doim xizmat-yumushlarini beminnat ado etishlik.
  27. Qavm-qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, issiq-sovuq kunlarida moshina bilan ham beminnat xizmat qilishlik.
  28. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiroyli muomala qilib, issiq-sovuq kunlarida ham, ular ehtiyoj sezganlarida ham moshina bilan ham beminnat xizmat qilishlik.
  29. Inson zotini manfaati ko‘zlab o‘rnatilgan tartib-qoidalarga insof bilan, din-diyonat bilan rioya etishlik.
  30. Inson zotini manfaati ko‘zlab qo‘yilgan yo‘l belgi (znak)lar talablarini hamda svetofor ishoralarini buzmaslik.
  31. Og‘ir bo‘lib, bosiqlik va sabr bilan yurishlik.
  32. Sira ham shoshilmaslik, zero shoshilish – shaytondandir.
  33. Juda sekin ham harakatlanmaslik.
  34. Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda imkon qadar signal chalmaslik.
  35. Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda video-ovoz chiqarish uskunalarini ovozini keskin pasaytirishlik.
  36. Agar mutlaqo o‘chirib qo‘yilsa, yanada ulug‘roq bo‘ladi.
  37. Har qanday katta-kichik yo‘ldagi har qanday qabristonning ham yonidan o‘tganda, tezlikni sezilarli darajada pasaytirishlik.
  38. Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda imkon qadar sekinroq harakatlanishlik.
  39. Har qanday katta-kichik yo‘ldagi qabristonning yonidan o‘tganda, o‘tganlarimizning haqlariga duo qilishlik.
  40. Har qanday katta-kichik yo‘ldagi har qanday kasalxonaning yonidan o‘tganda, barcha bemorlarning haqlariga duo qilishlik.
  41. Quloqchin (naushnik) ishlatmaslik.
  42. Imkon qadar telefon bilan gaplashmaslik.
  43. Harakat davomida oynadan boshqa haydovchilar va yo‘lovchilar bilan gaplashmaslik.
  44. Avtomoshina oynasidan turli narsalarni tashlab yubormaslik.
  45. Bo‘lar-bo‘lmasga signal chalmaslik.
  46. Moshinadagi (video, ovoz chiqarish) uskunalarini ovozini baland qo‘yish bilan o‘zgalarga ozor bermaslik.
  47. Ko‘pchilik harakatlanayotgan joyda yurganda jamoatchilik odoblariga rioya qilish lozim.
  48. Ehtiyojmandlarga tez-tez xayr-ehson, sadaqa qilib turishlik.
  49. Uyda, ko‘chada va barcha jamoat joylarida biror narsa umidvor bo‘lib, so‘rab kelgan insonni quruq qaytarmaslik.
  50. Ko‘pchilik harakatlanayotgan joylar ham xuddi majlislar kabidir. Ularda ham majlislar odoblariga rioya qilgan kabi odob-axloq me’yorlariga rioya etish lozim bo‘ladi.
  51. Yo‘l harakati asnosida ham Yong‘in xavfsizligi, Tez tibbiy yordam va shu kabi tashkilotlarning moshinalariga imkon qadar yo‘lni tezroq bo‘shatib qo‘yish lozim.
  52. Moshina haydovchisi shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasligi ham odobdandir. Zero baqir-chaqir, shovqin-suron qilishlik musulmon kishilarga mutlaqo yarashmaydi.
  53. Haqiqiy mo‘min-musulmon kishi qachon, kimning oldida va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zini yuksak odob doirasida tutadi.
  54. Kechki paytda boshqa haydovchilarning hamda piyodalarning ko‘zlarini qamashtiradigan darajada yoritgichlarni yoqib yurmaslik.
  55. Yo‘lda sarson bo‘lib, qiynalib turganlarga imkon qadar ko‘maklashib, yordam berishlik – haqiqiy mo‘min-musulmon kishining eng savobli ishlaridan hisoblanadi. Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kim bir musulmonga bu dunyoda yordam bersa, Alloh Oxiratda unga yordam qiladi”.
  56. Borayotgan manzilga bir oz yetmasdan 10-20 metr oldin to‘xtashlik.
  57. Borayotgan manzilda mabodo odamlar to‘plangan joy bo‘lsa, undan kamida 20-30 metr oldin to‘xtashlik.
  58. Borgan manzilga moshinani o‘sha joyning eshigi, darvozasi, kirib-chiqish joyiga ro‘para qo‘ymaslik hamda atrofdagi odamlar va boshqa moshinalarga ham har tomonlama xalaqit bermaydigan darajada qilib qo‘yishlik.
  59. Kishi bilan xayrlashganda odamning oldida eshikni qattiq yopmaslik. Imkoni bo‘lsa, bir oz yurgandan keyin yopishlik.
  60. Uyga kelganda kelganini bildirish uchun yoki eshik, darvozani ochishlari uchun moshina signali bilan yoki o‘z ovozi bilan boshqalarga ozor bermaslik.
  61. Avtoulovni duch kelgan joyda qoldirmasdan, boshqalarga zarar bermaydigan joyni tanlash lozim.
  62. Turli jamoat joylari (kasalxona, bozor, maktab, masjid, savdo markazlari, avtoturargoh va hokazo)da moshinani juda katta diqqat va nihoyatda jiddiy e’tibor bilan, moshinalarga ham, odamlarga ham mutlaqo ozor yetkazmaydigan holda qilib qo‘yishlik.
  63. Hatto o‘z uyining, o‘z ishxonasining oldiga ham qo‘shnilar, yo‘lovchilarga aslo ozor bermaydigan qilib qo‘yishlik.
  64. Biror joyga mehmonga borganda ham yoki biron yumush bilan to‘xtaganda ham moshinani qo‘shnilar, yo‘lovchilarga aslo ozor bermaydigan, birovlarni yo‘lini to‘sib qo‘ymaydigan qilib qo‘yishlik.
  65. Manziliga yetib borganidan keyin, Xudoga shukr qilib, moshinaga ham minnatdorchilik izhor etiladi.
  66. O‘zidagi mavjud ulovga doim shukr qilishlik.

 

Mehribon Parvardigorimiz

o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

O‘zi buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan

yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

                                                                                        Ibrohimjon domla Inomov

 

 

Maqolalar