frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

09.06.2025   9732   4 min.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...

Ushbu misralarni doim yodda tuting:

Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2],  deganlar.

Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.

Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.

Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.

Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.

Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – dey­di. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi.  Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.

Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.

Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.

Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.

Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.

Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4]dedilar. 

 


[1]  Isro surasi, 44-oyat.
[2]  Imom Muslim rivoyati.
[3]  Imom Termiziy rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda

25.06.2025   6027   2 min.
Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda

Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.

Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.

Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan  Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.

O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.

Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.

Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda
Yangiliklar