Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Bu kishi dardga chalingan bir kishining qulog‘iga nimanidir o‘qidilar. U sog‘ayib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uning qulog‘iga nima deb aytding?» deganlarida, bu kishi: «Mo‘minun» surasining 115-oyatidan to oxirigacha» o‘qiganlarining xabarini berdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar biror kishi mana shu oyatlarni ishonch bilan o‘qisa, tog‘ni ham maydalab yuboradi», dedilar" (Ibn Sunniy rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.