Bomdod namozi kirgach to quyosh chiqquncha Qur’on tilovati, zikrlar, ilm yoki boshqa xayri ishlar bilan shug‘ullanish o‘rniga dunyoviy gap-so‘zlar bilan vaqt o‘tkazish makruhi tanzihiydir. Chunki bu vaqtda qilingan zikrlar uchun juda katta savoblar va’da qilingan, mo‘min bandaga bunday imkoniyatni boy berish to‘g‘ri kelmaydi.
Ilm bilan shug‘ullanish, solihlarning hikoyasini o‘qish yoki tinglash, mehmon bilan yoki hojati bor odam bilan gaplashish xayrli ish hisoblanadi, shuning uchun bular makruh emas, aksincha mustahab bo‘ladi.
Albatta, hojat yoki zarurat bo‘lgani uchun dunyoviy gaplar so‘zlashning hech qanday ziyoni yo‘q.
Prof. Dr. Saloh Abul Hojning «Til sayqali» kitobidan
G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.
Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.
Davron NURMUHAMMAD