frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Narxni Alloh belgilaydi

18.06.2025   6868   6 min.
Narxni Alloh belgilaydi

Mazkur maqolada islom fiqhi nuqtayi nazaridan bozordagi narxlarni sun’iy ravishda belgillash, tovarlarni ushlab turish orqali narxni ko‘tarish (ihtikor) amaliyoti shariatda qanday baholanishiga oid masalalar tahlil qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sahobalar rivoyatlari asosida narx belgilash va ehtikorning shariatdagi hukmi, ijtimoiy oqibatlari hamda zamonaviy xatarlari ochib berilgan.

Islom iqtisodiy tizimi adolat, o‘zaro rozilik va zulmsiz muomala asosiga qurilgan. Bozor iqtisodiyotida muhim tushunchalardan biri – narx belgilash huquqidir. Shariatda bu masala shunchaki iqtisodiy vosita emas, balki axloqiy va ilohiy qoida bilan chambarchas bog‘langan. Narxni sun’iy ravishda chegaralash yoki tijorat molini ushlab turib narxni ko‘tarish – shariatda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Bu maqolada mazkur holatlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning munosabati, ulamolar fatvolari va ijtimoiy oqibatlari tahlil etiladi.

«Narxni chegaralash» deganda mas’ul shaxs yoki taraf tomonidan narxni chegaralab qo‘yish tushuniladi.

«Ihtikor» deganda esa, turli yo‘llar bilan bir xil savdo molini egallab olib narxni oshirishga urinish aytiladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Odamlar: "Yo Allohning Rasuli, narx ko‘tarilib ketdi bizga narxni belgilab bering" deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, Allohning o‘zi narxni belgilovchi, tutuvchi, keng qiluvchi va rizq beruvchidir. Men esa sizdan birortangiz ham mendan na qon va na molda zulm, da’vo qilmaganingiz holimda Allohga ro‘baro bo‘lishni xohlayman" dedilar (Sunan egalari rivoyat qildilar).

Qimmatchilik ko‘pchilikni tashvishga solib qo‘yadi. Chunki bu holat barchaga zarar keltirayotgan bo‘lib ko‘rinadi. Hamma bu holatdan chiqish yo‘lini istaydi. Eng oson, eng sodda va hammaga «yalt» etib ko‘rinadigan chora bozorda narxni chegaralab qo‘yish bo‘lib, ko‘rinadi. Nima uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu ishni qilmadilar? Hatto ba’zi sahobalar bu taklifni qilganlarida ham ma’qul ko‘rmadilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech bir narsaga yuzaki qaramasdilar.

Narxni chegaralash vaqtincha foyda bergani bilan aldamchilikdir, keyin esa zarar bo‘lishi turgan gap. So‘ngra tojirlar o‘z faoliyatlarini to‘xtatadilar. Bu hol esa el yurtga boshqa tomondan rizq kelishini ma’n qiladi. Shuning uchun ham qanchadan-qancha boy davlatlar xonavayron bo‘ladi. Faqirilk va miskinlikka ro‘baro‘ bo‘ladi.

Sotuvchi o‘z molini o‘z ixtiyori ila o‘zi xohlagan narxda sotsa, yaxshi bo‘ladi. Oluvchi o‘z ixtiyori ila o‘zi rozi bo‘lib, xohlagan narxga olsa, yaxshi bo‘ladi. Muhimi, o‘zaro rozilik bo‘lishi kerak.

Yaxshi va sifatli narsaning narxi baland bo‘ladi. Yomon va sifatsiz narsaning narxi esa past bo‘ladi. Hammasi bozor ko‘tarishiga qarab bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir kishi bozor yaxshi ko‘taradigan molni yetishtirishga, olib kelishga qiziqadi. Hamma shunga uringandan keyin yurtda doimiy va haqiqiy serobchilik, arzonchilik hukm suradigan bo‘ladi.

Muammar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ehtikor qilsa, o‘sha xatokordir", dedilar (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

«Ihtikor» lug‘atda ushlab turish ma’nosini anglatadi. Shariatda esa sotib olingan narsani narxini oshirish uchun qasddan sotmay ushlab turishga «ihtikor» deb aytiladi.

Ulamolarimiz xalq ommasining ehtiyoji ko‘proq tushadigan narsalar, xususan, oziq-ovqatning ehtikoriga alohida, boshqa narsaning ehtikoriga alohida qaraganlar.

Birinchisi mutloq mumkin emas desalar, ikkinchisini qimmatchilik vaqtida mumkin emas deganlar. Ihtikor haqida juda ko‘p hadislar rivoyat qilingan.

Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim taomni 40 kecha ehtikor qilsa, batahqiq u Allohdan voz kechgan va Alloh undan voz kechgan bo‘ladi. Qaysi yurtning ahlidan bir kishi och yotgan bo‘lsa, batahqiq, ular Allohning zimmasidan tushgan bo‘lurlar", deganlar.

Ba’zilar shu hadisga suyanib ehtikor faqat taomda bo‘ladi deydilar. Lekin jumhur ulamolar ehtikor haqida hadislar ko‘p, shuning uchun bu hadis asos bo‘la olmaydi deydilar.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Jalb qiluvchi rizqlantirilgandir, ehtikorchi esa la’natlangandir", deganlar.

«Jalb qiluvchi» boshqa yurtdan o‘z yurtiga kerakli narsalarni olib kelib sotuvchidir. Demak, bu ish, yaxshi ishdir. Kim bu ishni qilsa rizqi ulug‘ bo‘ladi. Ammo o‘z yurti bozorida eng kerakli narsalarni sotib olib, ushlab turib, sun’iy ravishda narxni ko‘taruvchilar la’natlangandur. Chunki unga xalq muhtoj bo‘lib turgandi, u esa ishlab chiqarmay, boshqa yurtdan olib kelmay foyda topishga uringan xaromxo‘r kimsadir.

Imom Ahmad Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulomonlarning narxlariga kirishib, ularga qimmatchilik keltirish uchun harakat qilsa, Alloh uchun uni qiyomat kuni katta olovga o‘tkazmog‘i haq bo‘ladi", deganlar.

Demak, ehtikorchi bu dunyoda ham, u dunyoda ham qattiq azob-uqubatlarga duchor bo‘ladi.

Ashurov Mahmudxon Muhammad G‘ulom


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Qur’oni Karim. – Toshkent: Hilol nashriyoti, 2018.
  2. Imom Muslim. Sahihi Muslim. – Qohira: Darul-Hadis, 2007.
  3. Imom Ahmad. Musnad. – Bayrut: Muassasatur-Risola, 1995.
  4. Abu Dovud. Sunan. – Bayrut: Darul-Maorif, 2003.
  5. At-Termiziy. Sunan. – Bayrut: Darul-G‘arb al-Islomiy, 1996.
  6. Abu Homid al-G‘azzoliy. Ihyo Ulumiddin. – Qohira: Darul-Qalam, 1993.
  7. Tabaroniy. Mu’jam al-Kabir. – Bayrut: Darul-Fikr, 1984.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

25 iyundan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi

23.06.2025   13612   2 min.
25 iyundan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini e’lon qiladi:


Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, 
Mir Arab oliy madrasasi, 
Hadis ilmi maktabi, 
Imom Termiziy nomidagi islom instituti va 
barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga 
2025 yil 25 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.  


Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
  ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
 pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);

 

Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.

 

O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

 ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
 pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
 chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun). 


Ma’lumot o‘rnida: Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi. 


2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari