Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   9654   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Boshqa maqolalar

“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

16.07.2025   1629   1 min.
“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.

Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.

U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.

Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.


Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD