G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.
Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dunyoga muhabbatni ketkazish va oxirat g‘amini qalbda paydo qilishning yo‘li bor. Yigirma to‘rt soat ichidan ozgina vaqt ajrating, kechayu kunduzlarimiz g‘aflatda o‘tayotganini o‘ylang, o‘limni unutganimizni o‘ylang, hali Alloh taoloning huzurida hozir bo‘lishdan, buyuk hisob-kitobdan, jazo va mukofotdan g‘aflatda qolganimizni o‘ylang.
Shu narsalar haqida o‘ylashga vaqt ajrating, bir kunmas bir kun o‘laman, keyin Alloh taoloning huzurida qanday qilib hisob beraman? So‘rovlariga nima deb javob qilaman? deb o‘ylang. Shu o‘ylar har doim qalbda tirik tursin.
Agar kishi har kuni shu narsalarni fikrlab tursa, bor-yo‘g‘i bir necha haftada, inshaAlloh, dunyoga muhabbat qalbidan chiqib ketadi. Alloh taolo O‘zining rahmatidan barchamizga bu aytilganlarga amal qilish tavfiqini ato etsin, omin.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan