Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida 27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda matbuot, televideniye, radio, internet saytlari vakillari, blogerlar ishtirok etdi. Shuningdek, Diniy idoraning hududiy vakilliklari Matbuot xizmati xodimlari Zoom dasturi orqali masofadan turib qatnashdi.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz Rahbari matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashlari barobarida ularga yuksak e’tibor qaratib kelayotganlari quvonarli hol albatta.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va ezgu duolar bilan boshlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov jurnalistlarga Muftiy hazratlarining tabriklarini yetkazish barobarida xalqimiz manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati tahsinga loyiq ekanini bildirib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali Ijodiy birlashmasi Bosh direktori Madamin Safarov so‘zga chiqib, diniy-ma’rifiy ishlarni xalqimizga to‘laqonli yetkazishda ijod ahlining o‘rnini alohida qayd etishdi. Xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan qilinayotgan hamkorliklar tufayli teleradio va matbuotdagi chiqishlar salmog‘i yil sayin ortib borayotganini ta’kidlashdi.
Bayram tadbiri yakunida o‘ttizdan ziyod hamkor OAV vakillariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashakkurnomalari va esdalik hadyalar taqdim etildi.
Fursatdan foydalanib Muslim.uz jamoasi barcha matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklab qoladi!
FOTOLAVHALAR
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
MUSLIM.UZ (http://muslim.uz/) GA OBUNA BO'LING (https://t.me/+PSOPDevNs2Va-wt7) VA ULASHING (https://telegram.me/share/url?url=https://t.me/muslimuzportal)
YouTube (https://www.youtube.com/@Muslimuzz/featured) | Instagram (https://www.instagram.com/muslimuzportali/) | Facebook (https://www.facebook.com/muslimuzportal)
#xabar #27_iyun #matbuot #axborot
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi