Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqiqatda, imom Abu Hanifa Rasuli Mustafoga ergashgan sahobalaridan ba’zilarini ko‘rgan, uning ko‘rgani sahihdir va bu guruhning soni yetti nafardir va shu sabab sharafdir.
Anas, Jobir, Ma’qal ibn Yasor shuningdek, Vosila ibn Asqo’ – vafo egasi. Shuningdek, Abdulloh ibn Unays, u ibn Jaz’i deb ham tanilgan. Oisha bilan yakunlayman, udir binti Ajrad. Ular asrlarning eng yaxshisidan, poklik egalaridan edilar
Sharq muftiysi, Burhonuddin Ibrohim ibn Hasan Mulla Ahsoiy yozgan.
Izoh: Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobeinlardan hisoblanadilar. U zot: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as’hoblaridan yettitalari bilan ko‘rishdim. Ular: Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Jaz’i Zubaydiy. Jobir ibn Abdulloh, Ma’qal ibn Yasor, Vosila ibn Asqo’, Oisha binti Umar va Abdulloh ibn Unaysdir”, deganlar.