frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   16509   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi

05.08.2026   27446   1 min.
Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar muammolarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Xususan, bugun, 5 avgust kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy, uy-joy va moddiy yordam kabi masalalardagi murojaatlarni ko‘rib chiqdi.

Mazkur jarayonda oilaviy masalalarda shar’iy yechim va zarur maslahatlar berildi, moddiy ko‘mak so‘raganlarga esa belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi.

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi. Imom Buxoriydan rivoyat qilingan "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", degan hadisi sharifga muvofiq xayrli duolar qilishdi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi yuzma-yuz muloqot va qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi Qabul jarayonida murojaatlarga amaliy yechim berildi