Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Qay birimiz bu hayotda bir marotaba bo‘lsa ham sinov, imtihonga duch kelmaymiz?!
Qay birimiz kasallik, qiyinchilik kabi holatlarni boshimizdan o‘tkazmaymiz?!
Endi ayting-chi, qattiq betob bo‘lib qolsangiz nima qilasiz?!
“Robbim nima uchun meni bu kasalga yo‘liqtirdi? Qaysi gunohim uchun bu kunlar boshimga keldi?” – deya noliysizmi?!
Yo‘q! Alloh taolo aytadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering!..»[1].
Hayot – imtihonlar, sinov va mashaqqatlar diyoridir!
Salafi solihlardan biri kasalligi va kambag‘al ekanidan shikoyat qilib o‘tirgan bir kishiga qarata: “Hoy, senga rahm qiladigan Zotning ustidan senga rahmi kelmaydiganlarga shikoyat qilish orqali bir narsaga erishmaysan!” degan ekan.
Rivoyat qilinishicha, bir odam ko‘zi ojiz, qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan yoshi katta keksa odamning oldidan o‘ta turib, uning: “Kasalliklardan meni omonda saqlagan va bandalari orasida meni fazilatli qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!” deyayotganini eshitib: “Alloh sizni nimalardan omondan saqlaganini bilsam bo‘ladimi? Axir qo‘l-oyog‘ingiz ishlamaydigan shol ekansiz, sizga tegmagan kasallik qolmabdi”, debdi. Bu gaplarni eshitgan shol, ko‘zlari ojiz qariya: “Seni ham Alloh taolo solihlar safiga qo‘shsin! Ko‘rmayapsanmi? Axir Alloh taolo mening tilimni omonda qilib qo‘yibdi, mana shu tilim orqali men har onimda Alloh taologa shukr qilaman va yana qalbimni omonda saqlab qo‘yibdi, u orqali Alloh taoloni doimo zikr qilaman”, degan ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam betob yotgan sahroyi arabning holidan xabar olgani kelib: “Hechqisi yo‘q! Yaxshisiz, inshoalloh tuzalib ketasiz”, dedilar. A’robiy esa: “Yaxshi deysizmi? Bezgak qiynab yubordi. Bu kasal meni xarob qildi, endi shu bilan qabrga ketsam kerak”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Mayli, unday bo‘lsa, shunday bo‘lgani ma’qul” [2], dedilar.
Solihlardan biri betob bo‘lib, ko‘zdan qolibdi. U og‘riqning zo‘ridan kechalari uxlamay juda qiynalib chiqar ekan. Shogirdlaridan biri hol so‘rab uning oldiga kirsa, ustozi yig‘lab o‘tirgan ekan. Shogird ustoziga tasalli berib: “Ozor chekmang, ozgina sabr qilsangiz, hammasi o‘tib ketadi”, debdi. Ustozi esa: “Yo‘q, men betobligim sabab yig‘lamayapman. Uning boisi, Alloh taolo meni imtihon qilishga loyiq bandalardan qilib, dard berganiga xursandligimdan yig‘layapman”, debdi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 155-oyat.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.