Otam qiyinchilik ko'rib katta bo'lgan ekanlar. “Maktabni ham zo'rg'a bitirganman” derdilar. Gaplarining rostligi biror nima o'qisalar, juda sekin, hijjalab o'qishlaridan bilinib turardi. Bilmagan odam dadamning sekin o'qishlaridan ko'zlari xiralashib qolganmikin deb o'ylardi. Yozishlari ham shunga yarasha edi. Lekin bizga juda mehribon edilar. Agar gap bizning o'qishimizga kelib taqaladigan bo'lsa, qayerdan bo'lsa ham, tunlari ishlab bo'lsa ham pul topib berishga harakat qilardilar. Bizga yaxshi edirib ichirish, o'qitish uchun qo'llaridan kelgan bor imkoniyatlarini ishga solardilar.
Bir kuni dadam bilan Qohiraga bordik. Shahar katta, ko'chalar gavjum edi. Tushlik uchun kichikroq bir oshxonaga kirdik. Men o'sha paytlarda o'smir yigit edim. Otam oshxona xizmatchisiga o'zlari uchun 250 grammlik, menga esa 500 grammlik qovurilgan go'sht buyurtma berdilar. Men hayron bo'lib, “Nega menga ko'proq?” deb so'radim. Otam: “Sen yosh yigitsan, hozir eydigan payting. Katta-katta eyishing kerak. Mening uncha ishtaxam yo'q”, dedilar.
Ovqatlanib bo'lganimizdan so'ng choyxo'rlik qildik. Dadam gapni uzoqdan olib kelib menga nasihat qila boshladilar. Ayni qonim qizigan navqiron paytim bo'lganim uchun bo'lsa kerak, meni zinodan qattiq ogohlantiridlar. Ko'zimni va barcha a'zolarimni bu chirkin ishni qilishdan saqlashimni tayinladilar. Buning uchun nimalar qilishim, nimalardan ogoh bo'lishim kerakligi, do'stlarim qanday bo'lishi kerakligigacha tushuntirdilar.
O'sha kundan beri necha yillar o'tdi. Lekin dadamning o'sha nasihatlari qulog'imda qoldi. Allohga shukrlar bo'lsinki, O'zining fazli ila men hech ham bu qing'ir yo'lga qadam bosmadim. Qachon xayolimga shu gunohni qilish fikri keladigan bo'lsa, dadamning nasihatlari yodimga tushar va o'zimni bu ishdan tiyardim. Dadam o'sha kuni yo'l-yo'lakay ovqatlanish uchun kirgan paytimizdan ham o'sha fursatdan juda zo'r foydalangan ekanlar.
Farzandingiz bilan oshxonaga ovqatlanishga kirishingiz katta bir tarbiyaviy fursatdir. Siz taom ustida o'g'lingiz yoki qizingizga ta'sirli gaplar aytib nasihat qiling. Bu g'animat fursat. Farzandingizning faqat tanasiga emas, ruhiga ham ozuqa berishga shoshiling.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’on o‘qishga erinayotgan vaqtingda shuni yodingga keltir:
Bir betni o‘qish taxminan 5.000ta savob, hasana degani;
Bir porani o‘qish taxminan 100.000ta savob, hasana degani;
Bitta to‘liq xatm taxminan 3.000.000 ta (!) savob, hasana deganidir.
"Va Alloh O‘zi xohlagan kishisiga yanada ko‘paytirib beradir" (Baqara surasi, 261-oyat).