8 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, haj va umra ibodatlarini uyushtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Xususan, “Haj – 2025” mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tgani, mutasaddilar sa’y-harakati bilan hojilarga yuqori darajada sharoit va imkoniyatlar hozirlangani, o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib-intizomi, odob-axloqi bilan barchaga namuna bo‘lib, risolagidek toatu ibodat qilganlari e’tirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida ham diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).