frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Otam o‘rgatgan uch amal

11.07.2025   10015   1 min.
Otam o‘rgatgan uch amal

Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.

Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.

Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.

Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.

Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».

Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?.. 

Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning

"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Andijonda imomlar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi

07.08.2026   11095   1 min.
Andijonda imomlar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
 

Tadbirni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ochib berib, mazkur bellashuv diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasidagi jamoaviy hamjihatlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan jamlangan jamoalar qizg‘in va murosasiz bahslar olib bordi. Ishtirokchilar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, shuningdek, mamlakatimiz qonunchiligi va milliy qadriyatlarga oid savollar orqali o‘zlarining intellektual salohiyati hamda tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.


Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, eng bilimdon jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi: 
 

  • 1-o‘rin — Jalaquduq tumani;

  • 2-o‘rin — Qo‘rg‘ontepa tumani;

  • 3-o‘rin — Xo‘jaobod tumani.


G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Ilm-ma’rifat yo‘lida bellashgan barcha ishtirokchilarni muborakbod etib, ularning kelgusi xayrli faoliyatlarida Alloh taolodan baraka va zafarlar tilaymiz!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Andijon viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Andijonda imomlar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi Andijonda imomlar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi Andijonda imomlar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi Andijonda imomlar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari