Islom so‘zining ma’nolaridan biri tinchlikdir. Musulmonlar o‘zaro bir-birlari bilan ushbu so‘z orqali salomlashadilar, namoz vaqtida mo‘min banda aytadigan eng oxirgi kalom ham, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri, jannatning nomlaridan biri ham “As-Salom” – tinchlikdir.
Tinchlik, adolat, erkinlik, hikmat borasida ko‘plab oyatlar bor.
Qur’oni karim har bir insonga e’tiqod erkinligini kafolatlaydi. “Sizlarning diningiz o‘zlaringiz uchun, mening dinim o‘zim uchundir” (“Kafirun” surasi, 6-oyat).
E’tiqodni yoyishda zo‘rlik o‘tkazish ta’qiqlangan. “Dinda zo‘rlash yo‘q” (“Baqara” surasi, 256-oyat).
Aqlga mos, dalil-isbotli, hayotga tatbiq etiladigan yondoshuv orqali, har bir insonning aqliy darajasi va holatini hisobga olib, qalbga ta’sir qiluvchi, muloyim uslubda, agar bahs va munozara bo‘lsa, xushmuomala, adolatli va madaniyatli tarzda fikr almashish, da’vat etiladi.
“Parvardigoringizning yo‘li – diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal yo‘lda mujodala, munozara qiling! (“Nahl” surasi, 125-oyat).
Har bir insonga, dini, millati va irqiga qaramasdan, adolat bilan munosabatda bo‘lish, dushmanlik qilmagan bo‘lsa, yaxshilik qilish, ehtirom ko‘rsatish Islom ta’limotlaridandir.
“Alloh sizlarni dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan – ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizda qaytarmas. Albatta Alloh adolat qilguvchilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat).
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi