Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan eng kuchli odam kim, deb so‘rashganda shunday degan ekanlar: "G‘azabi kelgan va kuchi yetgan paytda o‘zini tiyib, g‘azabini yutgan odam — haqiqiy kuchli odamdir."
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov
Savol: Yaqinda bir do‘stim bilan inson vafotidan keyin ruh yerga qaytib kelishi haqida tortishib qoldik. Savolim shuki, ruh yerga qaytib keladimi yoki barzaxda qiyomatgacha kutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ruhning asl haqiqati nima ekanligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu borada Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُم مِّنَ الْعِلْمِ إِلَّا قَلِيلًا
“Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, – deb ayt” (Isro surasi, 85-oyat).
Inson ruhi vafot topishi bilan qabr hayotida (barzaxda) bo‘ladi. Kitoblarda zikr qilinishicha, jasadni qabrga dafn qilingandan so‘ng, savol-javob qilinishi uchun unga ruhi qayta kirgiziladi.
Shuningdek, qabr ahliga salom berilgan vaqtda ham ruh qabr atrofiga qaytarilib, salomga alik oladi.
Mo‘minlarning ruhi “Illiyyin” (yettinchi osmondagi joy)da, kofirlarning ruhi esa “Sijjiyn” (yetti qavat yerning ostidagi joy)da bo‘lishi ham bayon qilingan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.