Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati O‘zAga ma’lum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu obyektni asrash bo‘yicha sa’y harakatlarini yuqori baholab, YUNЕSKO Butunjahon merosi markazi hamda IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash) bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.
Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri me’moriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.
Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yanada samarali asrash imkonini beradi. Mazkur qaror xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tizimli va ochiq muloqotlar natijasi bo‘ldi.
Anjumanda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etib, YUNЕSKO, IKOMOS va barcha xalqaro hamkorlarga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan.
Behruz XUDOYBЕRDIYEV,
O‘zA
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi