Yunus ibn Abdul A'lo o'zining ustozi Imom Muhammad ibn Idris Shofeiy masjidda dars o'tayotganda u bilan bir masalada bahslashib qolibdi.
Keyin Yunus g'azab bilan turib, darsdan chiqib ketibdi. Kech kirganda Yunus uyining eshigi taqillaganini eshitibdi. Eshik oldiga kelib debdi:
- Kim bu?
- Muhammad ibn Idrisman.
Yunus aytadi: “Ismi-sharifi Muhammad ibn Idris bo'lgan hamma tanishlarimni qidirib ko'rdim, lekin Shofeiydan boshqasini topa olmadim. Eshikni ochib qarasam, haqiqatan ham Shofeiy turibdi, hayratda qoldim!”
Imom Shofeiy aytdiki: “Ey Yunus, bizni yuzlab masalalar jamlagan, endi bitta shu masala oramizni ajratib yuborsinmi?!”.
Bundan olinadigan xulosa shuki, hamma ixtilof, tortishuvlarda ham yutib chiqishga harakat qilavermang. Ko'pincha qalblarni qozonish vaziyatlarni qozonishdan afzalroq bo'ladi!
O'zingiz qurgan, o'zingiz ustidan o'tib yuradigan ko'prikni buzmang! Bugun-erta yana undan o'tishingizga to'g'ri kelishi mumkin!
Doim xatoni yomon ko'rishga, xato qiluvchini yomon ko'rmaslikka odatlaning! Ma'siyatga g'azab qiling, ammo ma'siyat qilgan odamga yaxshi munosabatda bo'ling!
Gapni tanqid qiling, biroq uni aytgan odamni hurmat qiling!
Bizning hayotdagi maqsadimiz, vazifamiz kasallikka tashxis qo'yish, kasallarga tashxis qo'yish emas!
Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilarida bir necha marta tortishishgan, fikriy bahslashishgan, biroq u zot alayhissalom hech birlarini koyimaganlar.
Masalan, ikkovlari Qur'onni jamlab, bitta kitobga yig'ish yoki yig'maslik masalasida bahslashishgan. Lekin bir-birlariga teskari bo'lib qolishmagan.
Umar roziyallohu anhu Holid ibn Valid roziyallohu anhu bilan bahslashganlar, lekin bir-birlariga teskari bo'lib qolishmagan.
Abu Zarr roziyallohu anhu bir qancha sahobalar bilan bahslashganlar, biroq ularga dushman bo'lib qolmaganlar!
Ho'sh, nega endi biz bahslashsak, urishishimiz kerak, bir-birimizning qonimizni to'kishimiz kerak?!
Islomda bahslashish odobi qayoqda-yu, biz qayoqdamiz?!
Bugun biz fikrlarimiz bilan bahslashar ekanmiz, safimizni bir tutishga juda ham muhtojmiz. Fikrimiz bir bo'lishi shart qilinmagan, balki musulmon shaxs o'laroq safimiz bir bo'lishi shart qilingan. Aqlimiz, fikrlarimiz birdek bo'lishi shart emas, qalbimiz bir bo'lishi, birdek urishi shart!
Kimdir oldingizga uzr so'raab kelsa, uni o'tib yuboring!
Oldingizga g'amgin odam kelsa, jim o'tirib, uning dardini eshiting!
Muhtoj odam sizdan yordam so'rab kelsa, Alloh sizga bergan narsalardan unga bering!
Oldingizga nasihat qilgani odam kelsa, unga rahmat ayting!
“Ekiningiz” faqat “tikan” hosil bersa ham, yana “gul” ekavering, ikkilanmang!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا محمد بن علي الوراق نا مسلم قال: نا هشام نا قتادة عن سعيد بن المسيب أن سعدا سأل النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم قال: يا نبي الله إن أمي توفيت أفأتصدق عنها فقال له: نعم. قال: فأي الصدقة أفضل قال : سقي الماء.
Said ibn Musayyib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Sa’d Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan: “Yo Allohning Nabiyi, onam vafot etdi. Onamning nomidan sadaqa qilsam bo‘ladimi?” deb so‘radi.
U zot alayhissalom: “Ha”, dedilar. “Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radi. “Odamlarga suv ulashish”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi