Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.
Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrofdagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.
Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.
Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mutoffifun surasi, 14-oyat.