Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.
Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q!
Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.
Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!
Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!
Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.
Shoir aytadi:
Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil.
Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.
Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.
Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday deydilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] G‘ofir surasi, 19-oyat.
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.