frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Har yigit Vatan himoyachisidir

27.02.2024   4236   6 min.
Har yigit Vatan himoyachisidir

Halqimiz qadimdan o'g'il farzand dunyoga kelsa, yurtini, oilasini, or-nomusini himoyalovchi pahlavon, avlodlar davomchisi tug'ildi, deya quvongan. Uni yoshligidan jasur, Vataniga sadoqatli va matonatli qilib tarbiyalash uchun kamon otish, ot choptirish, kurash, tosh ko'tarish kabi o'yinlar o'rgatilgan.

Bolalarning botir bo'lishida xalq og'zaki ijodi namunalarining ham o'rni bor. Dostonu ertaklardagi qahramonlar bolalarni oriyatli, kuch-g'ayratli bo'lishga undaydi. Masalan, “Alpomish” dostonidagi Hakimbiyning etti yoshida 14 botmonlik yoyni ko'tarib otgani, “Alpomish” deya nom olgani bolalarga o'zgacha zavq beradi.

Bugun Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Namoz Botir, Sobir Rahimov kabi jasoratli siymolarni bilmaydiganlar kamdan-kam. Ularning mahoratli sarkar­daligi, notiqligi, jang qilish usullari necha asr o'tsa hamki, o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q.

Birgina Bobur Mirzoning sarkardalik mahoratiga nazar solsak, uning qo'shini sanoq jihatidan o'n barobar ko'p bo'lgan Ibrohim Lo'di askarlarini engganini ko'ramiz. Manbalarda keltirilishicha, shiddatli jang oldidan Bobur askarla­ri biroz qo'rquvga tushadi. Shunda sarkarda ularga: “Bu dunyoda hamma o'ladi, it ham, yigit ham. Ammo er kishiga mard holida o'lish sharafdir!” deya ta'sirli nutq so'zlaydi. Bundan ruhlangan askarlar jon-jahdi bilan jangga kirib, g'olib bo'lishadi.

O'zidan ko'p askarlarni engish, ayniqsa, musulmon jangchilar uchun yangilik emas. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sahobalari Badr va Uhud jangida mushriklar ustidan g'alaba qozonganida son jihatidan ulardan ancha kam bo'lgan. Rum, Fors erlari fathida ham sahobalar ozchilik bo'lishiga qaramay, g'oliblikni qo'lga kiritgan. Albatta, bunga Allohning inoyati hamda sahobalar iymonining kuchi, irodasi sabab bo'lgan.

Tarix solnomalarida bunday azmu shijoat va iroda bilan g'alabaga erishganlar ko'p. Bu haqda Qur'oni karimda Tolut va Jolut qissasi keltiriladi:

«Tolut askar bilan chiqqanda: “Al­batta, Alloh sizni daryo bilan sinovchidir, kim undan ichsa, u mendan emas. Va kim uni tanovul qilmasa, u, albatta, mendandir. Magar birov qo'li bilan bir ho'plam ho'plasa, mayli”, dedi. Ozginalaridan boshqalari undan ich­dilar. U va u bilan birga iymon keltirganlar u (daryo)dan o'tganlarida, ular: “Bugun bizda Jolut va uning askari bilan jang qilishga toqat yo'q”, dedilar. Allohga ro'baro' bo'lishga ishonganlar: “Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan ko'p sonli guruhlarga g'olib kelgan. Alloh sabrlilar bilandir”, dedilar» (Baqara surasi, 249-oyat). 

Tolut o'z askarlarining irodasini sinash uchun daryodan suv ichmaslikni buyurdi. Ichsa ham, bir ho'plam ichishga ruxsat berdi. U shu orqali kimning irodasi kuchli, kimniki kuchsiz ekanini aniqladi. Sinov­dan o'tmaganlar ajralib qoldi.
Kam sonli kishilargina askarlik­ka qabul qilindi. Biroz suvsizlikka chiday olmagan odam urushning mashaqqatlariga chiday olmasligi turgan gap edi. So'ngra Tolut askarlari kam bo'lishiga qaramay, Jolut askarlari ustidan g'alaba qozondi.

Afsuski, bugun yigitlar orasida or-nomus, mashaqqatlarda sabru matonat ko'rsatish kabi xislatlar kamayib bormoqda. Sababi, globallashuv necha asrlik qadriyatlarni, Vatan, ona-yurt, or-nomus kabi muqaddas tushunchalarni emiryapti. Ayrimlar uchun bu so'zlar hech narsani anglatmay qo'ydi. Faqat o'z joni omon bo'lsa, bas. Buning misolini ayrim davlatlarda kechayotgan urushlarda ko'rdik.

Ba'zi yoshlar ozgina mashaqqat et­sa, ishini, oilasini yoki yurtini tash­lab ketmoqda. Qiyinchiliklarni sabr bilan engish o'rniga oson yo'lni tutmoq­da. Ularning bunday dangasa bo'lib ulg'a­yishi­da ota-onalarining ham his­sasi bor. Chunki keyingi paytda turmushimiz faro­vonlashgan sayin farzandlarimizga barcha sha­roitlarni muhayyo qilib qo'yyapmiz. Ular qiyinchilik, mashaqqat nima­ligini bilmay o'smoqda. Oqibatda u endi ulg'ayib, mustaqil bo'ldim deganda, ozgina qiyinchilikka chidamayapti. Alloh saqlasin, bunday yigitlar ertaga yurt boshiga ish tushsa, nima qilar ekan?

Insoniyat yashashda davom etar ekan, Vatanni, yurt sha'nini himoya qilishdek muhim vazifa har bir er yigit zimmasida turadi. Shunday ekan, farzandlarimizni oriyatli, jasur, chin musulmon qilib tarbiyalash har birimizning vazifamiz ekanini unutmasligimiz lozim.

Otabek ATOYeV,

Nu­rota tumani “Chil­ustun” jome

masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   33049   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari