Halqimiz qadimdan o'g'il farzand dunyoga kelsa, yurtini, oilasini, or-nomusini himoyalovchi pahlavon, avlodlar davomchisi tug'ildi, deya quvongan. Uni yoshligidan jasur, Vataniga sadoqatli va matonatli qilib tarbiyalash uchun kamon otish, ot choptirish, kurash, tosh ko'tarish kabi o'yinlar o'rgatilgan.
Bolalarning botir bo'lishida xalq og'zaki ijodi namunalarining ham o'rni bor. Dostonu ertaklardagi qahramonlar bolalarni oriyatli, kuch-g'ayratli bo'lishga undaydi. Masalan, “Alpomish” dostonidagi Hakimbiyning etti yoshida 14 botmonlik yoyni ko'tarib otgani, “Alpomish” deya nom olgani bolalarga o'zgacha zavq beradi.
Bugun Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Namoz Botir, Sobir Rahimov kabi jasoratli siymolarni bilmaydiganlar kamdan-kam. Ularning mahoratli sarkardaligi, notiqligi, jang qilish usullari necha asr o'tsa hamki, o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q.
Birgina Bobur Mirzoning sarkardalik mahoratiga nazar solsak, uning qo'shini sanoq jihatidan o'n barobar ko'p bo'lgan Ibrohim Lo'di askarlarini engganini ko'ramiz. Manbalarda keltirilishicha, shiddatli jang oldidan Bobur askarlari biroz qo'rquvga tushadi. Shunda sarkarda ularga: “Bu dunyoda hamma o'ladi, it ham, yigit ham. Ammo er kishiga mard holida o'lish sharafdir!” deya ta'sirli nutq so'zlaydi. Bundan ruhlangan askarlar jon-jahdi bilan jangga kirib, g'olib bo'lishadi.
O'zidan ko'p askarlarni engish, ayniqsa, musulmon jangchilar uchun yangilik emas. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sahobalari Badr va Uhud jangida mushriklar ustidan g'alaba qozonganida son jihatidan ulardan ancha kam bo'lgan. Rum, Fors erlari fathida ham sahobalar ozchilik bo'lishiga qaramay, g'oliblikni qo'lga kiritgan. Albatta, bunga Allohning inoyati hamda sahobalar iymonining kuchi, irodasi sabab bo'lgan.
Tarix solnomalarida bunday azmu shijoat va iroda bilan g'alabaga erishganlar ko'p. Bu haqda Qur'oni karimda Tolut va Jolut qissasi keltiriladi:
«Tolut askar bilan chiqqanda: “Albatta, Alloh sizni daryo bilan sinovchidir, kim undan ichsa, u mendan emas. Va kim uni tanovul qilmasa, u, albatta, mendandir. Magar birov qo'li bilan bir ho'plam ho'plasa, mayli”, dedi. Ozginalaridan boshqalari undan ichdilar. U va u bilan birga iymon keltirganlar u (daryo)dan o'tganlarida, ular: “Bugun bizda Jolut va uning askari bilan jang qilishga toqat yo'q”, dedilar. Allohga ro'baro' bo'lishga ishonganlar: “Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan ko'p sonli guruhlarga g'olib kelgan. Alloh sabrlilar bilandir”, dedilar» (Baqara surasi, 249-oyat).
Tolut o'z askarlarining irodasini sinash uchun daryodan suv ichmaslikni buyurdi. Ichsa ham, bir ho'plam ichishga ruxsat berdi. U shu orqali kimning irodasi kuchli, kimniki kuchsiz ekanini aniqladi. Sinovdan o'tmaganlar ajralib qoldi.
Kam sonli kishilargina askarlikka qabul qilindi. Biroz suvsizlikka chiday olmagan odam urushning mashaqqatlariga chiday olmasligi turgan gap edi. So'ngra Tolut askarlari kam bo'lishiga qaramay, Jolut askarlari ustidan g'alaba qozondi.
Afsuski, bugun yigitlar orasida or-nomus, mashaqqatlarda sabru matonat ko'rsatish kabi xislatlar kamayib bormoqda. Sababi, globallashuv necha asrlik qadriyatlarni, Vatan, ona-yurt, or-nomus kabi muqaddas tushunchalarni emiryapti. Ayrimlar uchun bu so'zlar hech narsani anglatmay qo'ydi. Faqat o'z joni omon bo'lsa, bas. Buning misolini ayrim davlatlarda kechayotgan urushlarda ko'rdik.
Ba'zi yoshlar ozgina mashaqqat etsa, ishini, oilasini yoki yurtini tashlab ketmoqda. Qiyinchiliklarni sabr bilan engish o'rniga oson yo'lni tutmoqda. Ularning bunday dangasa bo'lib ulg'ayishida ota-onalarining ham hissasi bor. Chunki keyingi paytda turmushimiz farovonlashgan sayin farzandlarimizga barcha sharoitlarni muhayyo qilib qo'yyapmiz. Ular qiyinchilik, mashaqqat nimaligini bilmay o'smoqda. Oqibatda u endi ulg'ayib, mustaqil bo'ldim deganda, ozgina qiyinchilikka chidamayapti. Alloh saqlasin, bunday yigitlar ertaga yurt boshiga ish tushsa, nima qilar ekan?
Insoniyat yashashda davom etar ekan, Vatanni, yurt sha'nini himoya qilishdek muhim vazifa har bir er yigit zimmasida turadi. Shunday ekan, farzandlarimizni oriyatli, jasur, chin musulmon qilib tarbiyalash har birimizning vazifamiz ekanini unutmasligimiz lozim.
Otabek ATOYeV,
Nurota tumani “Chilustun” jome
masjidi imom-xatibi