Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.
Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrofdagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.
Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.
Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mutoffifun surasi, 14-oyat.
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, faoliyat samaradorligini yuksaltirish va qat’iy tartib-intizomni ta’minlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 29–30 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 59 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik maxsus o‘quv-seminari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sharipov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Ichki nazorat bo‘limi xodimi Umidjon Xodjayev hamda Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh domla o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dolzarb ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Ikki kunlik o‘quv davomida soha mutasaddilari tomonidan kundalik xizmat jarayonida zarur bo‘ladigan muhim tavsiyalar, mehnat munosabatlari, ichki tartib va odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etish masalalari tushuntirildi. Shuningdek, imom-xatiblar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimini to‘g‘ri yuritish va uning tartibotlari, shar’iy masalalarda fatvo berish mas’uliyati hamda fatvo berish huquqiga doir muhim yo‘nalishlar bo‘yicha zarur amaliy ko‘nikma va nasihatlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati