Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam ichimlik ichganda uch marta nafas olar edilar va: “Mana shu qondiruvchiroq, bezararroq va singuvchiroq”, der edilar», deyiladi (To'rtovlari rivoyat qilishgan). Suvni o'tirib, oz-ozdan ichish va isrof qilmaslik borasida nabaviy ta'limot bor.
Suvning foyda-zararlari hamda uni sunnatga muvofiq ichish xususida diyetolog, nutritsiolog, endokrinolog Osiyo ISMOILOVA bilan suhbatlashdik.
– Assalomu alaykum. Suvni to'g'ri tanlab, to'g'ri ichish muhim. Suv ichish oddiy holat bo'lib ko'rinsa-da, aslida undan shifo topish uchun bilishimiz kerak bo'ladigan masalalar nimalardan iborat?
– Alloh bergan ne'matlarni to'g'ri iste'mol qilish eng yaxshi shifo ekanini ko'pchilik bilmaydi. Jismimizdagi limfa tizimi tanamizdagi zararli moddalarni chiqarishga xizmat qiladi. Uning ishlashi bevosita suv bilan bog'liq. Suv kam ichish limfa tizimi faoliyati qiyinlashib, qon quyuqlashishi, o't qopi muammolari, qon bosimi ko'tarilishi yoki pasayishiga sabab bo'ladi. Qonni suyultirib, uni tozalaydigan omil bu – suv. Inson vazniga ko'ra suv ichishi kerak. Ko'pincha o'rtacha 2,5 yoki 3 litr suv iste'mol qilinadi. Suv ichish masalasida eng to'g'ri usul Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari – o'tirgan holatda, shoshilmay ichishdir.
– Kunning qaysi vaqtlarida suv ichgan yaxshi?
– Suvni har qanday vaqtda ichsa bo'ladi. Biroq ko'p insonlarda noto'g'ri ovqatlanish va suvni etarlicha ichmagani sababli kechga yaqin, ya'ni shomdan keyin terida shishlar paydo bo'ladi. Bu shishlar aslida buyrakda muammo borligini bildiradi.
– Suvni to'g'ri ichishning ozishga ta'siri bormi?
– Suv insonni ozdirmaydi. Yog' – erishi qiyin bo'lgan quyuq modda. Bu moddani insulin gormoni tanaga qoplab beradi. Masalan, oddiy idishingizdagi yog'ni suv bilan yuvolmaysiz. Maxsus vosita bo'lmasa, ba'zi yog'lar ketmaydi. Inson suvni vaqtida va etarli miqdorda iste'mol qilsa, ozishi mumkin.
– Ko'p qavatli uylardagi suvlar, quduq suvlarining foydali va zararli jihatlariga to'xtalsangiz.
– Ko'p qavatli uylarda yashovchi aholi xlorli suv ichishdan ehtiyot bo'lishlari zarur. Hlorli suvni shisha yoki sirli idishda tindirib, so'ngra qaynatib ichish kerak. Qaynatilgan suvni yana qaynatish zararlidir.
Bugun suvni fil'trlab beradigan turli jihozlar ko'paydi. Shulardan foydalanish mumkin. Do'konlarda sotilayotgan distillangan suv ham minerallarga boy.
Sog'lom bo'lay desangiz, ichayotgan suvingizga e'tiborsizlik qilmang.
Kamola ADAShBOYeVA
suhbatlashdi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir ayol Lays ibn Sa’ddan ozroq asal berishini iltimos qildi. Lays unga bir mesh asal olib kelishlarini buyurdi. Atrofidagilardan biri: “Nima uchun bu ayolga buncha asal beryapsiz? Axir u sizdan ozgina asal so‘radi, xolos”, dedi. Laysning javobi mana shunday bo‘ldi: “U bizdan o‘ziga keragini so‘radi, biz esa unga Alloh taolo bizga bergan ne’matlari miqdoricha beramiz”.
Lays ibn Sa’d har kuni uch yuz oltmish bechoraholga sadaqa ulashmasidan burun birov bilan gaplashmas ekan. Biz-chi, biz?! Har kuni yarimta xurmo bo‘lsa-da, sadaqa qilyapmizmi?! Agar mol-dunyoingiz yetarli bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mol-dunyo sadaqa sababli kamaymaydi”[1] degan gaplarini esingizdan chiqarmang!
Aliy roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladilar. U kishidan: “Yig‘ingizning boisi ne?” – deb so‘rashganida, “Mening oldimga mana yetti kundirki mehmonning qadami yetmadi. Alloh meni xor qilyaptimikan deb xavfsirab qoldim”, degan ekanlar.
Birovga ehson berar ekansiz, chehrangiz ochiq bo‘lsin. Yaxshilik qilayotgan kishingizning qarshisida qovog‘ingizni uymang.
Shoir aytadi:
Faqir dargohiga har dam chehrang ochib bor,
O‘zingni past tutib, kibru havodan qochib bor.
Bergan narsalaringizni minnat qilishdan saqlaning, yo‘qsa amallaringiz chippakka chiqadi. Alloh taolo aytadi: «Yaxshi so‘z va kechirish ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir»[2]. Yana Alloh taolo minnatchilikdan ogohlantirib, shunday deydi: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..”[3].
Bir kishi do‘stining oldiga keldi. Do‘sti unga: “Nima gap, tinchlikmi? Biror ishing bo‘lsa ayt”, dedi. U: “Mening to‘rt yuz dirham qarzim bor, beray desam bir dirham ham pulim yo‘q”, dedi. Do‘sti unga to‘rt yuz dirham berdi-da, ko‘zlarida yosh ila uyiga kirdi. Ayoli: “Axir yig‘lar ekansiz, nimaga berdingiz?” – dedi. Shunda u: “Xudo haqqi, men bu uchun yig‘layotganim yo‘q. Meni yig‘latgan narsa, nahot yaqin do‘stimning bu holidan bexabar qoldim, axir do‘stim eshigimgacha kelibdi. Shuning xijolatidan yig‘layapman”, debdi.
Yaqinlarimiz, qarindosh-urug‘, do‘stlarimiz holidan xabar olayapmizmi?!
Ularga biror narsa bergudek bo‘lsak, ularning hojatlari miqdoricha berayapmizmi yoki bizga ato qilingan ne’matlar qadarmi?!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[2] Baqara surasi, 263-oyat.
[3] Baqara surasi, 264-oyat.