Shu yil 5-7 avgust kuni Namangan viloyatidagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur jarayonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbar hamda mas’ul xodimlari, "Hidoya" va "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari rahbarlari hamda qabul bo‘yicha mas’ul xodimlari, abituriyentlar ishtirok etmoqda.
Dastlab abituriyentlar imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan vaqt bo‘yicha tartib bilan kiritilib, mutasaddilar tomonidan test imtihoni tartibi tushuntirildi. Shundan so‘ng test sinovlariga start berildi.
Ushbu jarayon adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 2-hudud Namangan viloyatidan ishtirok etadigan abituriyentlar soni 2190 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi
Bugun Buxoroi sharifda ilm va ma’rifat yo‘lida umrini sarflagan ulug‘ ustoz – Mir Arab oliy madrasasi va Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi, muhtaram Abdug‘afur Razzoq Buxoriy hazratlari muborak 75 yoshni qarshi olmoqdalar.
Ustoz hazratlari umrlarining 50 yildan ortiq qismini islom dini ravnaqiga, yoshlarni tarbiyasiga va ajdodlar merosini asrab-avvaylashga bag‘ishladilar. Buxoro shahar “Xo‘ja Zayniddin” masjidida imom sifatida, shuningdek, Buxoro viloyati qozisi sifatida xalqqa xizmat qildilar. U zotning zahmatli mehnatlari, ilmga bo‘lgan sadoqatlari va tolibi ilmlarga mehribonliklari minglab shogirdlar qalbida ilhom uyg‘otdi.
Abdug‘afur Razzoq Buxoriy hazratlari nainki faqat imom-xatib va mudarris, balki haqiqiy ma’naviyat ustuni, ilm va tarbiya maydonida namuna bo‘lib kelmoqdalar. U zot xattotlik, tabobat, ilm va ma’rifat sohalarida ham o‘zining yuksak bilimi va mahoratlari bilan tanilganlar.
Haqiqatan ham, ustoz hazratlari tolibi ilmlarning peshvosi, yoshlarning haqiqiy murabbiysi, zamondosh ulamolar orasida e’tiborli va ardoqli alloma sifatida tanilganlar. U zotning har bir so‘zlari, har bir nasihatlari qalblarga nur, ilmga chanqoq yoshlar uchun esa yo‘l-yo‘riqdir.
Bugun, shu tabarruk kunlarda, ustozga uzoq-umr, sihhat-salomatlik tilaymiz. Xalqimiz, Vatanimiz va dinimiz yo‘lida yana ko‘p yillar davomida samarali xizmat qilishlarini Allohdan so‘rab qolamiz.
Ustoz, ilm yo‘lida zahmat bilan o‘tgan muborak yoshlaringiz muborak bo‘lsin!
Mir Arab oliy madrasasi
Matbuot xizmati