Cavol: Meni yosh farzandim bor. Bir qo'shni ayol uni ko'rib qolsa, “Bu bunchalar chiroyli ekan”, “Shirinligini qarang buni” deb ko'p gapiradi. Shunda ko'z tegmasligi uchun nima qilsam bo'ladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ko'z tegishi voqe'likda bor narsa ekani ko'plab hadisi shariflarda aytib o'tilgan. Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ko'z tegishidan Alloh panoh berishini so'ranglar, chunki ko'z tegishi – haqdir”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ko'z tegishiga qarshi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi duoni o'qib dam solardilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husaynga panoh tilab: “U'iyzukumaa bikalimaatillahit-taammati min kulli shaytonin va haammatin. Va min kulli aynin laammatin”
Ma'nosi: “Ikkingizga Allohning tugal kalimalari ila har bir shaytondan va zararkunandadan hamda gunohkor ko'zdan panoh tilayman” deb aytardilar va so'ngra: “Bobongiz (Ibrohim alayhissalom) bular ila Ismoil va Ishoq alayhimussalomga panoh tilar edi”, derdilar” (Abu Dovud va Termiziy sahih sanad ila rivoyat qilganlar).
Yana shuni ta'kidlash lozimki, kishi biror ne'matni ko'rganida unga ko'zi tegib, zarar etib qolmasligi uchun ko'rgan ne'mat haqqiga duo qilib qo'yishi kerak. Shunda o'ziga tegishli bo'lgan yoki biror birodariga tegishli bo'lgan narsaga ziyoni tegib qolmaydi. Bu haqda Nabiy alayhissalom shunday deganlar: “Sizlardan biringiz o'zida, molida yoki birodarida ko'zni quvontiradigan narsani ko'rsa, unga baraka so'rab duo qilsin. Chunki ko'z tegishi – haqdir”(Imom Hokim rivoyati) Vallohu a'lam!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov