Cavol: Tilovat sajdasi qilinganidan keyin qaysi duoni qilsak bo'ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Tilovati sajdadan so'ng tayin qilingan duo yo'q. Urfimizda quyidagi duoni qilish odat bo'lgan.
سَجَدْتُ لِلرَّحْمَانِ وَآمَنْتُ بِالرَّحْمَانِ فَاغْفِرْلِي ذُنُوبِي يَا رَحْمَان سَمِعْنَا وَأَطَعْنَا غُفْرَانَكَ رَبَنَا وَإِلَيْكَ الْمَصِيْر
“Sajadtu lirrohmaani va aamantu birrohmaani fag'firliy zunuubiy yaa Rohmaanu. Sami'naa va ato'naa g'ufroonaka Robbanaa va ilaykal masiyr”.
Ma'nosi: “Rahmon (Alloh)ga sajda qildim, Rahmon (Alloh)ga iymon keltirdim, Yo Rahmon! Gunohlarimni mag'firat qilgin, eshitdik va itoat etdik va qaytish faqat Sengadir”. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Cavol: Issiq havoda ko‘p yurish natijasida ayrim odamlarda ikki oyog‘i orasi qizarib, achishadi. Ehromda shunday holatda malham, vazelin kabi narsalar surtsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ehromdagi kishi siz aytgandek holatga tushib qolganda yoki tovoni yorilganda xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi mumkin. Bunda hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y malham yoki vazelindan foydalansa, bunda sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Agar ko‘p marta surtsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shuning uchun bunday kasallikka duchor bo‘lgan inson imkon qadar xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz bunday deydilar:
وَلَوْ دَاوَى بِهِ جُرْحَهُ أَوْ شُقُوقَ رِجْلَيْهِ فَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِ ؛ لِأَنَّهُ لَيْسَ بِطِيبٍ فِي نَفْسِهِ إنَّمَا هُوَ أَصْلُ الطِّيبِ أَوْ طِيبٌ مِنْ وَجْهِ فَيُشْتَرَطُ اسْتِعْمَالُهُ عَلَى وَجْهِ التَّطَيُّبِ.
“Ehromdagi kishi jarohat, oyoq yoriqlarini zaytun yog‘i bilan yog‘lasa, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Chunki u xushbo‘ylik emas, balki xushbo‘ylik olinadigan narsa yoki bir jihatdangina xushbo‘ylik xolos. Kafforat vojib bo‘lishligi uchun uni xushbo‘ylanish uchun iste’mol qilgan bo‘lishi shart” (“Hidoya” kitobi).
Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh aytadilar: “Ehromdagi inson yog‘ yoki sirkani yesa, jarohati yoki tovonidagi yoriqlariga surtsa yo qulog‘iga tomizsa, unga hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi” (“Fathul Qodir” kitobi).
Mulla Ali al-Qoriy rahimahulloh aytadilar:
ولو تداوى بالطيب او بدواء فيه طيب غالب ولم يكن مطبوخا فألزقه بجراحته يلزمه صدقة اذا كان موضع الجراحة لم يستوعب عضوا
“Agar xushbo‘y narsa bilan yoki xushbo‘ylik g‘olib bo‘lgan narsa bilan davolansa va ular olovda pishirilgan bo‘lmasa, so‘ng uni jarohatiga yopishtirsa va jarohat bir to‘liq a’zoni tashkil qilmagan bo‘lsa, sadaqa lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.