Bismillahir Rohmanir Rohiym
Xalo (hojatxona)ga hojat tangligi kuchaymasidan oldin borish lozim. Xaloga oyat, hadis, Alloh taoloning va payg‘ambarlarning nomlari yozilgan narsalar bilan kirish mumkin emas. Ularni tashqariga qoldirish kerak. Xaloga boshyalang kirish makruhdir.
1. Chap oyoq bilan kirish.
2. Kirishdan oldin ushbu duoni o‘qish:
اَللّٰــهُمَّ إِنّيِ أَعُوذُ بِكَ مِنَ الخُبُثِ وَالْخَبَائِثِ
O‘qilishi: “Allohumma inniy a’uzu bika minal xubusi val xobaais”.
Ma’nosi: “Allohim, Sendan erkak va urg‘ochi ifloslar(shaytonlar)dan panoh tilayman”.
3. Hojatga o‘tirganda (chap) yonni Qibla tomonga qilib o‘tirish.
4. Tana og‘irligini chap tomonga bosib, oyoqlar orasini keng tutish va avrat hamda iflos joylarga nazar qilmay o‘tirish.
Hojatni tik turib, uzrsiz yalang‘ochlanib (pana joyda bo‘lsa ham), qiblaga yuzlanib yoki unga orqa qilib chiqarish, yosh bolalarni ham mazkur holatlarda to‘sish mumkin emas. Hojatxonada yozib-chizish, atrofga alanglash va badanni o‘ynash mumkin emas. Xaloda biror ilm haqida fikr yuritilmaydi, salom va azonga javob qaytarilmaydi. Burun qoqilmaydi. Tezroq bo‘shanishga harakat qilish zarur.
Hojat ushatilgach, erkaklar turmasdan, siydik yo‘lini orqadan uchiga qarab siqishlari kerak. Orqa yo‘l chap qo‘l bilan toza kesak, tosh, qiymati yo‘q eski latta, paxta yoki maxsus hojat qog‘ozi bilan artib tozalanadi.
5. Poklanadigan vositani toq ishlatish.
6. Istibro va istinjoni chap qo‘l bilan qilish.
Istibro – siydik yo‘lida bir tomchi ham qoldirmay, tozalanishdir. Erkaklarga istibro qilish vojib bo‘ladi. Buning uchun hojat o‘rnidan turib, peshob yo‘liga kesak tutib yurish yo silkinish yoki yo‘talish kerak. Siydik yo‘lida hech narsa qolmaganiga to‘la ishonch hosil bo‘lgach, suv bilan tozalanishga o‘tiladi.
Istinjo – kishining old va orqa yo‘lidan chiqqan najosat yuqini suv yoki kesak va shunga o‘xshash narsalar bilan badanidan tozalab ketkazishidir. Chap qo‘l bilan qilish mustahabdir. Uzrsiz o‘ng qo‘l bilan tozalash makruh sanaladi.
7. O‘ng oyoq bilan chiqish.
8. Chiqqandan so‘ng ushbu duolarni o‘qish:
غُفْرَانَكَ
O‘qilishi: “G‘ufronaka"
Ma’nosi: “Yo Alloh, Sendan mag‘firat qilishingni so‘rayman”.
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَذْهَبَ عَنِّي الْأَذَى وَعَافَانِي
O‘qilishi: “Alhamdu lillahillaziy azhaba ’annil aza va ’afaniy”
Ma’nosi: “Mendan aziyatlarni ketkazib, ofiyatda qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin”.
Qabriston, yo‘l, daraxtlar osti, hovuz, quduq, buloq, ariq va daryo qirg‘oqlari, tahorat olinadigan joyda, yer va devor kovaklariga, jonivorlar ini, shuningdek, shamolga qarab hojat chiqarib bo‘lmaydi.
Davron NURMUHAMMAD
#muharram #ashuro #kafforat #iftorlik #saharlik
25 iyun payshanba kuni Muharram oyining 10-kuni – Ashuro kunidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi", deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Og‘iz yopish va ochish vaqti (Toshkent vaqti bilan):
9 Muharram - 24 iyun - chorshanba
Saharlik (og‘iz yopish) vaqti: 03:05
Iftorlik (og‘iz ochish) vaqti: 20:05
10 Muharram - 25 iyun - payshanba
Saharlik (og‘iz yopish) vaqti: 03:05
Iftorlik (og‘iz ochish) vaqti: 20:05
11 Muharram - 26 iyun - juma
Saharlik (og‘iz yopish) vaqti: 03:05
Iftorlik (og‘iz ochish) vaqti: 20:05
Niyati: Xolis Alloh uchun nafl ro‘za tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD