Zamonamiz muhaddislaridan biri – Shayx Muhammad Avvoma Suriyaning Halab shahrida hijriy 1385 (milodiy 1939) yili tavallud topgan.
Ilm talabini 12 yoshida boshlab, shayx Abdulloh Sirojiddin va Abdulfattoh Abu G'udda kabi olimlarni mahkam tutdi.
Shayx Muhammad Avvoma ta'lim muassasalarini bitirganidan so'ng ham aslo ustozlaridan uzilmagan, ilmiy masalalarda doimo ular bilan maslahatlashib, nasihat va ko'rsatmalarini olib turgan. Ustozi shayx Abdulloh Sirojiddin bilan ellik yil, shayx Abdulfattoh Abu G'udda bilan qirq besh yil davomida vafotlariga qadar doimiy aloqada bo'lib, duolarini olib turgan.
So'ng Damashq universitetining Shariat fakul'tetiga o'qishga kirib, avval o'qigan ilmlarini mustahkamlab, zamonaviy ilmlardan ham bahramand bo'ldi.
Allohning fazli va marhamati ila u kishining iste'dodi tengdoshlari orasida erta namoyon bo'lib, yuksak natijalarga erishdi. Shu tufayli hali yosh bo'lishiga qaramay, ustozlari va katta olimlar dars beradigan o'sha davrdagi Halabning eng katta masjidlaridan birida ustoz va shayxlari bilan bir qatorda dars berish baxtiga musharraf bo'ldi.
Shayx Muhammad Avvoma 1980 yili Madinai munavvaraga borib, Madina Islom universiteti qoshida ilmiy tadqiqot markaziga asos soldi. Keyinchalik bu markazni tark etib, 1986 yili o'zi Islom merosini tahqiq qilish markazini ta'sis qildi. Bu markazni ayni damda u kishining o'g'li doktor Muhyiddin boshqarib kelmoqda.
Shayx aqida, fiqh, usul, arab tili va tarojim kabi ilmlarni jamlagan etuk olimlardan sanaladi. Asosiy ilmiy faoliyati esa, hadis ilmlari bilan bog'liq. Qo'lyozmalar tahqiqi bilan ham Islom dunyosida mashhur. Fazilatli shayx, alloma Muhammad Sa'id Tantoviy u kishining ustozlari tabaqasidan sanalsa-da, Muhammad Avvoma haqida: “Yer yuzida tahqiq ilmini u kishidan yaxshiroq biladigan odamni bilmayman”,deb e'tiroq etgan.
Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning ko'plab kitob, risola va tahqiq ishlari chop etilgan. Jumladan, Imom Ibn Abu Shaybaning 26 jildlik “Musannaf”, Imom Abu Dovudning 6 jildlik “Sunan”, Imom Zahabiyning 6 jildlik “Koshif” kitoblari tahqiqi shular jumlasidan.
Olimning “Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o'rni” nomli kitobi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tomonidan o'zbek tiliga o'girilgan. Qolaversa, bu kitob dunyoning bir necha tillariga ham tarjima qilingan va qator ta'lim muassasalarida darslik sifatida o'qitiladi.
Shayx Muhammad Avvoma hayoti va uning ilmiy asarlari haqida Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Malayziya, Turkiya, Iordaniya va Sudan kabi mamlakatlarda qator ilmiy ishlar olib borilmoqda, risolalar yozilmoqda.
Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.
حدثنا العباس الدوري نا يحيى بن حماد أنا محمد بن طلحة عن أبيه عن مصعب بن سعد قال: رأى سعد أن له فضلا على من دونه قال: فقال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم : إنما نصر الله هذه الأمة بضعفائهم وبصلاتهم ودعوتهم وإخلاصهم.
Mus’ab ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: “Sa’d o‘zini boshqalardan ustunroq deb o‘yladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Albatta, Alloh bu ummatga zaiflari, namozlari, duolari va ixloslari sababli nusrat bergan!” dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi