frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ular haqiqiy mo'minlar

22.02.2024   706   5 min.
Ular haqiqiy mo'minlar

Alloh taolo mo'minlarni bunday vasf qiladi: «Mo'minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan, O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)»(Anfol, 2–4).

Demak, haqiqiy mo'minlar yuksak sifatlarga ega bo'lgan kishilardir:

“...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan...”

Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg'ul bo'lishi kerak. Bu haqda Qur'onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!(Ahzob, 41-42); Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»(Baqara, 152).

Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o'y-xayo­li Alloh taologa bog'langan bo'ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo'ldir. Banda o'z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti oso­yishta va xotirjam bo'ladi.

“...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan...”

Banda Qur'onni qanchalik ko'p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma'nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo'ladi.

“...O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...”

Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo'minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g'aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir»(Hud, 123).

Mo'min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo'lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.

“...Namozni barkamol o'qiydigan...”

Haqiqiy mo'minlar namozni benuqson ado etishadi. “...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...”.

Mo'min qo'lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo'ladigan yo'llarga sarf qiladi, qo'lidagi boylikning ko'p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo'lida sarflaganidan sevinadi.

Alloh yo'lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko'payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savo­bini) yanada ko'paytirib  beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir»(Baqara, 261).

Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo'lgan musulmon haqiqiy mo'min nomiga loyiqdir va ular uchun “...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...”.

Haqiqiy mo'minlardan bo'lishni istagan banda o'z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo'lishi mo'minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug' darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog'imiz zarur.

 Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Allohga shukr. Alloh baraka bersin

02.07.2026   1421   2 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Allohga shukr. Alloh baraka bersin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ko‘pchilik xo‘l mevaning eng chiroyli va pishgan bo‘lagini tanlaydi. Ammo otam (Alloh rahmatiga olsin) boshqacha yo‘l tutar edilar.

Otam joriy qilgan oilaviy an’analarning eng go‘zallaridan biri — har kuni kechki ovqatni butun oila davrasida qilish edi. U kishi kun davomida har kim o‘z ishi bilan band bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda kechki taom paytida hammamiz bir dasturxon atrofida yig‘ilib, bir-birimizning holimizdan xabar olishimizni istar edilar.

Taomdan oldin meva qo‘yilganda esa, otam har safar bir xil ishni qilardilar. U kishi doimo dog‘ tushgan mevani tanlar edilar. Mevaning uringan qismini kesib tashlar, qolgan qismini esa iste’mol qilardilar.

Bolaligimdan boshlab, otam vafot etgunlariga qadar bu holatni minglab marta ko‘rganman. O‘sha oddiy odat menga so‘zsiz, nasihatsiz juda katta saboq berdi. Bu – ne’matning qadriga yetish.

Axir dasturxonimizga kelgan har bir meva ortida qancha mehnat yotadi: dehqon yer haydaydi, urug‘ qadaydi, suv beradi, parvarish qiladi, hosilni yig‘adi, odamlar uni tashiydi va nihoyat u bizning dasturxonimizga yetib keladi.

Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning katta qismi isrof qilinmoqda.

2022 yil dunyoda 1 milliard 52 million tonna oziq-ovqat isrof qilingan. Bu iste’molchilarga yetib borgan oziq-ovqatning qariyb 19 foizi, ya’ni har beshta ne’matdan bittasi tashlab yuborilganini anglatadi. Bu holat dunyoda 783 million inson ochlikdan aziyat chekayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Otam menga biror nuqsonli narsani butunlay tashlab yubormaslikni, agar bir qismi buzilgan bo‘lsa, faqat o‘sha qismini olib tashlab, qolganini iste’mol qilishni o‘rgatganlar.

Otamning yana bir odatlari bor edi. Har safar ovqatdan keyin: Alhamdulillah. Allohga shukr. Alloh baraka bersin, der edilar.

Otam mevani yer edilar, men esa ne’matning qadriga yetishni o‘rganar edim. Otam dunyodan o‘tganlaridan keyin bu oddiy odatlarning asl qadrini yanada chuqurroq angladim.

Alloh barcha o‘tgan ota-onalarimizni O‘z rahmatiga olsin, hayotdagilarining umrlarini uzoq, rizqlarini barakali qilsin.


Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar