حدثنا الحسن بن علي بن عفان العامري نا الحسن بن عطية عن الحكم عن قتادة عن سالم عن أبيه قال: لقي عبد الله رجلا فقال: السلام عليكم يا ابن مسعود فقال عبد الله: صدق الله ورسوله قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”إن من أشراط الساعة أن يمر الرجل في المسجد لا يصلي فيه ركعتين ولا يسلم إلا على من يعرف وأن يبرد الصبي الشيخ.“
Solim otasidan rivoyat qiladi: “Abdulloh bir kishiga duch kelib qoldi. U: “Assalomu alaykum, ey Ibn Mas’ud”, dedi. Abdulloh: “Alloh va Uning rasuli rost so‘zlagan. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Kishining masjid ichidan o‘tib, ikki rakat namoz o‘qimasligi, faqat tanigan kishilarigagina salom berishi va yosh go‘dak (o‘zining biror ishi bilan) qariyani elchi qilib yuborishi qiyomat alomatlaridandir”, deganlar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Birinchidan, tarqatilayotgan har bir ma’lumot va axborot insonlar manfaatiga xizmat qiladigan yaxshi so‘z bo‘lishi lozim.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yaxshi so‘zga qanday misol keltirganini ko‘rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o‘xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda. Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir” (Ibrohim surasi, 24-25 – oyatlar).
Ikkinchidan, turli fahsh va behayo ma’lumotlarni, bo‘xton, yolg‘on hamda mish-mish xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo‘lish shart.
Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “...fahsh ishlar tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir” (Nur surasi, 19-oyat).
Uchinchidan, tarqatilayotgan har qanday xabar yoki ma’lumot uchun Qiyomat kuni javob berishni hamda “Kitobat ham xitobat kabidir (yozish – gapirish kabi)”, degan qoidani unutmaslik kerak.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Bugungi kunda ularning og‘izlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur” (Yosin surasi, 65-oyat).
Imom Shofi’iy aytadilar: “Vafot etmaydigan yozuvchi yo‘q. Ammo uning qo‘llari yozgan narsalar necha yillar o‘tsada saqlanib qoladi. Shunday ekan, Qiyomatda ko‘rganingizda xursand bo‘ladigan narsadan boshqa hech narsa yozmang!”.
To‘rtinchidan, har bir axborotning ishonchli ekanini tekshirib, keyin tarqatish.
Alloh taolo shunga buyuradi: “Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining yolg‘onchi bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Beshinchidan, mualliflik huquqiga amal qilish. O‘zgalarning mehnatini ko‘chirib, o‘zlashtirib olmaslik.
Imom Shofi’iy rahimahulloh: “Menga bu so‘zni falonchi aytgan”, deb aytuvchisini aniq shaklda gapirgan kishi haqiqiy marddir”, deganlar.
Abdul Fattoh Abu G‘udda aytadilar: “Jumla yoki so‘zni naql qiluvchiga nisbat berish omonatdir”.
Oltinchidan, har bir kasb egasi o‘z mutaxassisligi doirasida axborot yoki ma’lumot tarqatishi lozim. Bilimi yetmagan, mutaxassisligi bo‘lmagan xabarni tarqatmaslik kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon ish o‘z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD