#xabar #hamkorlik #muftiy
Bishkek safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Turkiy davlatlar muftiylarining yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etib, ikki mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari kengayayotgani, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.
Muftiy hazratlari musulmon ummati oldidagi muhim masalalar yuzasidan zamonaviy fatvolar, dolzarb bayonotlar va muhim murojaatlar qabul qilingani barcha xalqlar uchun foydali bo‘lishini ta’kidladilar. Shuningdek, ilmiy anjumanda Sirojiddin O‘shiy Samarqandda Hanafiy mazhabi va Imom Moturidiy aqiydasi bo‘yicha ustozlardan ta’lim olgani, Farg‘ona vodiysida din yo‘lida xizmat qilgani va turkiy xalqlar uchun mushtarak ulamo sanalishini ta’kidlanganini alohida qayd etdilar.
O‘z navbatida Abdulaziz qori Zokirov O‘zbekiston muftiysini “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlagani munosabati ila samimiy qutlash barobarida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik izhor etdi. Shuningdek, u Ramazon oyi boshlanishi, ikki hayit kunini belgilash va muhim fatvolar e’lon qilishda qardosh muftiylar doimo O‘zbekiston muftiysining xulosalariga tayanishlarini e’tirof etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent viloyatida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan viloyat imom-xatiblari va noiblari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda diniy soha xodimlarining huquqiy savodxonligi, Konstitutsiya haqidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Tanlovda g‘oliblar aniqlanib, ulaga esdalik sovg‘alari hamda Haj va Umraga (guruh rahbari bo‘lib) yo‘llanmalar berildi.
G‘oliblar:
1. Zangiota tumani “Sadr ota” jome masjidi imom-xatibi Izzatillayev Fayzulloh domla Haj;
2. Toshkent tumani “Ayri ota” jome masjidi imom noibi Sultonov Abu Bakr domla Haj;
3. Bo‘stonliq tumani “Mulla Po‘lat ota” jome masjidi imom-xatibi Isomov Nig‘matilla domla Umra;
4. Olmaliq shahar “Hilol” jome masjidi imom noibi Muydinxonov Sayidmuhammadxon domla Umra yo‘llanmasini (guruh rahbari bo‘lib) qo‘lga kiritdi.
Fursatdan foydalanib, barcha g‘oliblarni samimiy qutlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati