Jamoat bilan namoz o'qish sunnati muakkadadir. Jamoat namozining savobi yolg'iz o'qilgan namozdan yigirma etti daraja ortiqdir. Jamoatga Allohning rahmati tushib turadi.
Jamoat namozida saflar jips va tekis bo'lishi ham sunnatdir. No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Yoki albatta, saflaringizni to'g'ri qilursiz, yoki Alloh yuzlaringizni qarama-qarshi qilib qo'yur”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilgan).
Jamoat namozida safni to'g'ri olish o'ta muhim, safni to'g'rilamaslik o'zaro nafrat va yomon ko'rishga olib keladi.
Imom Muslim Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning saflarni xuddi kamon o'qini to'g'rilagandek to'g'rilashlarini rivoyat qilgan. Shuning uchun imomlar jamoatga saflarni to'g'rilash lozimligini doim eslatib turishlari lozim.
Masjidga kelganda birinchi safdan to'ldirib borish kerak. Birinchi saf ikkinchi safdan, ikkinchi saf uchinchi safdan afzal hisoblanadi.
Birinchi safda imomning ortida imomlikka loyiq ahli ilm va qorilar turishi kerak. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Menga sizlardan etuklik va aql egalari yaqin tursin. So'ngra ularga yaqin keladiganlar”, deb uch marta aytdilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh taolo va Uning farishtalari birinchi saflarni to'ldiruvchilarga salavot aytadilar. Alloh taolo uchun bandaning safni to'ldirish uchun bosgan qadamidan ko'ra mahbubroq qadam yo'qdir”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Birinchi safda bo'sh joy bo'lsa, orqa safdagi kishi ikkinchi safdagilar orasidan birinchi safga o'taveradi. Bunda ikkinchi safdagilarga ozor bergan bo'lmaydi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Saflaringizni jipslashtiringlar, orani yaqinlashtirib, bo'yinlarni to'g'ri (chiziqda) tutinglar! Jonim izmida bo'lgan Zotga qasamki, men safdagi oraliqlardan shaytonlarning xuddi qora qo'zichoqlar kabi kirayotganini ko'raman”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Safda oyoqlarni emas, elkani elkaga tekkizib, jipslanib, bo'sh joy qoldirmay, oldinga yoki orqaga egilmay turish shart.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Saflarni to'g'rilang! Yelkalaringizni tenglashtiring! Ochiq joylarni to'ldiring! Birodarlaringiz qo'liga muloyim bo'ling! Shayton uchun ochiqliklar qoldirmang! Kim safni etkazib (to'ldirib) tursa, Alloh ham uni (murodiga) etishtiradi. Kim safni uzsa, Alloh ham uni uzadi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Safni to'g'rilash yoki to'ldirishga ishora bo'lganida shoshilmay, muloyimlik ila harakat qilish lozim.
Safda bir kishining o'zi yolg'iz turishi makruhdir. Shuning uchun kechikkan kishi imom ruku qilguncha, kimdir kelib, yoniga turishini kutib turadi. Agar hech kim kelmasa, oldingi safning o'ng yoki chap chetidagi bir kishining elkasiga engil turtib, orqaga o'tishga ishora qiladi. Agar oldingi safda turgan bu masaladan xabari bo'lmay, namozini buzib qo'yish xatari bo'lsa, safda bir o'zi turib, imomga iqtido qilaveradi.
Namoz ichida bir saf miqdoricha yurish, ya'ni oldingi safga o'tish namozni buzmaydi. Ammo ikki saf oldinga yurmoqchi bo'lsa, o'rtadagi safda bir oz (eng kamida uch tasbeh aytish muddaticha) to'xtab, keyin oldingi safga o'tishi kerak. Birdaniga ikki saf yursa, namozi buziladi (“Olamgiriya”, “Qozixon”).
Manbalar asosida
Akmalxon AHMYeDOV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurish ham g‘animat edi. Bunaqangi imkoniyat bo‘lib qolsa, sahobalar darrov undan foydalanib qolishar, imkoniyatni qo‘ldan chiqarishmas edi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning saodatiga qarang!
Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotib so‘radi:
- Yo Rasulalloh! Shunday amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
- Juda ham katta ishni so‘rading. Bu ish Alloh oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qilib, Unga hech narsani sherik qilmaysan; namozni qoim qilasan; zakotni berasan; ramazon ro‘zasini tutasan, Baytullohni haj qilasan! So‘ng yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga yaxshiliklar eshigini ko‘rsataymi? Ro‘za qalqondir, sadaqa suv olovni o‘chirgani kabi xatolarni o‘chiradi, kishining kecha qorong‘usida o‘qigan namozi... - deb ushbu oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib berganimiz narsalardan infoq qilurlar» (Sajda surasi, 16- oyat).
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga barcha ishlarning boshi, ustuni va eng yuqori cho‘qqisi nimaligini aytaymi? Ishlarning boshi Islom. Uning ustuni namoz. Yuqori cho‘qqisi esa, Alloh yo‘lidagi jihoddir!
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Bularning barchasining asosini aytaymi?
- Ayting, ey Allohning Rasuli!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab:
- Mana buni tiy! - dedilar.
Muoz roziyallohu anhu dedi:
- Ey Allohning Nabiysi! Biz aytayotgan gapimiz tufayli ham tutilamizmi?
Nabiy alayhissalom dedilar:
- Onang seni yo‘qotsin, Muoz!
Insonlarni yomon tillari do‘zaxga yuztuban qulatmasa, boshqa nima qulatadi?!
Tilning suyagi yo‘q, ammo har qanday suyakni sindirishi mumkin. Qancha-qancha kishilar kimningdir hazil tariqasida aytgan qo‘pol gapi uchun kechasi bilan uxlay olmasdan, to‘lg‘anib chiqadi. Majlis tarqalib ketishi mumkin, ammo aytilgan gap pichoq singari uning qalbida sanchilgan holatda qoladi!
Qancha-qancha qizlarga kelgan sovchilar qo‘shnilar aytgan birgina yomon ta’rifni eshitib, jim qaytib ketadi. Aslida, u qizlar hasadgo‘y qo‘shnilarning bo‘htonidan pokiza edi!
Chaqimchilarning, «bo‘lsa, ko‘rolmaydigan, bo‘lmasa, berolmaydigan» kishilarning dastidan qancha-qancha insonlar ishidan, bola-chaqasining rizqidan ajraladi!
Yolg‘on guvohlik beruvchi birgina so‘z bilan qancha-qancha meroslar tortib olinadi, odamlar haqqidan mahrum qilinadi. Haqlar nohaq o‘zlashtiriladi!
Hasad, kin-adovat tufayli aytilib olov yoqilgan birgina chaqimchilik bilan qancha-qancha do‘stlar ajralib ketishadi. Do‘stlik dushmanlikka aylanadi. Muhabbatga to‘la qalblar oqibatda adovatga to‘ladi!
Gapimizga, qalamimizga va ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarimizga, kishilarga raddiyalar berishimizga nazar solaylik. Avvalo o‘z sahifamizni to‘ldirayotganimizni unutmaylik.
Axir insonlarni do‘zaxga yomon gaplar kiritmasa, nima kiritadi?!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi