Bu nikoh to'yi emas, balki 14 yoshdan oshmagan bola Qur'oni Karimni to'liq yod olgani munosabati bilan o'tkazilayotgan «Yurish marosimi». Marokashda Qur'oni Karimni to'liq yodlagan bolani barchaga namuna qilish, bolalarning qalblarida Qur'oni Karimni yodlashga bo'lgan rag'batni kuchaytirish uchun bunday marosim anchadan beri o'tkaziladi.
Abu Dovudning rivoyatida:
«Kim Qur'onni o'qisa va undagi narsaga amal qilsa, uning ota-onasiga qiyomat kuni toj kiydiriladi. Agar u orangizda bo'lsa edi, uning ziyosi bu dunyo uylaridagi quyoshning ziyosidan ham yaxshiroq bo'lar edi. Endi bunga amal qilganga nima bo'lishini o'zingiz bilib olavering», deyilgan.
Qur'onni yod olmagan, ammo farzandining qori bo'lishiga sababchi bo'lgan ota-onaga shundoq ikrom bo'lsa, endi Qur'oni Karimni yod olib, undagi hukmlarga amal qilgan qorining o'ziga qanday mukofot bo'lishini tasavvur qilish qiyin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilishicha, «Qiyomat kuni Qur'on keladi, «Yo Rabbim, (Qur'on o'qigan bandani) kiyintir!» deydi. Unga karomat toji kiydiriladi. Keyin: «Yo Rabbim, unga ziyoda qil!» deydi. (Qoriga) karomat libosi kiydiriladi. So'ng: «Yo Rabbim, undan rozi bo'l!» deydi. (Alloh qoridan) rozi bo'ladi. Keyin (Qur'on sohibiga): «O'qi va ko'taril», deyiladi. (Alloh) har bitta oyat uchun bir pog'ona ziyoda qiladi».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
«Kim Qur'on o'qisa, o'rgansa, unga amal qilsa, qiyomat kuni (boshiga) nurdan toj kiydiriladi. Uning ziyosi quyoshnikiga o'xshaydi. (Qorining) ota-onasiga ikki libos kiydiriladi. Ularga dunyo teng kelolmaydi. Ota-ona: «Bu (libos) bizga nima uchun kiydirildi!?» deyishadi. Shunda: «Farzandingiz Qur'on yodlagani uchun (shunday marhamatga loyiq ko'rildingiz)», deb aytiladi».
Boshidagi toj nimadan umidvorlik ekanini anglagandirsiz?
Aytgandek, Marokash qirolligida bolalar Qur'onni taxta lavhga yozib yod olishadi. Bir paytni o'zida ham Qur'oni Karimni yodlashadi, ham uning yozilishini o'rganishadi.
Biz Islom ma'hadida Qiroatdan imtihon topshirganimizda oyatni ham yoddan, ham doskaga yozib topshirganmiz. Ishoning, zo'r yod olmagan kishi oyatlarni yozishga qiynaladi. Chunki yoza olish, Alloh taoloning fazli ila, oyatning xotiraga zo'r muhrlanganini ko'rsatadi.
Qolaversa, bunda Usmon Mushafining yozuv uslubini ham o'zlashtiriladi.
Yozib yod olishda quloq, ko'z, qo'l, og'iz bo'shlig'i a'zolari kabi ko'plab his etish a'zolari ishtirok etgani uchun oyatlar xotiradan chuqur joy oladi.
Bugungi kunda yurtimizda Qur'oni Karim va tajvidni o'qitish kurslari ochilmoqda. Bu Robbimizning bizga ato qilgan ulkan ne'matlaridandir.
Alloh taolo bunday kurslar keng ko'lamda ochilishini, u erda ta'lim olayotganlar qori va qoriya bo'lib etishishlarini nasib etsin!
Ushbu kurslarda Qur'oni Karimni ta'lim berayotganlar yaxshi ummatning yaxshi vakillaridir. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu borada hadisi sharif bor.
عن عثمان رضي الله تعالى عنه- قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: ( خيركم من تعلم القرآن وعلمه ) أخرجه البخاري
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur'onni o'rganib, uni boshqalarga o'rgatganingizdir».
Imom Buxoriy rivoyati.
Alloh taolo zurriyotlarimizni Qur'oni Karimni to'la yod olib, hukmlariga amal qilib, O'zining xos bandalaridan bo'lib borishlarini nasib etsin!
Robbimiz qiyomatda qori farzandlarimiz sababli boshimizga izzat tojini, ustimizga karomat sarposini kiydirsin!
Islom.uz
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.