Cavol: Dinimizda kimni sohibi uzr deyiladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Sohibi uzr (uzrli odam) – to'liq bir farz namozining vaqticha yoki undan ko'proq vaqt betahoratlik etib turgan kishidir. Bu haqida “Muxtasarul-viqoya” kitobida shunday deyilgan: “Kimga to'liq bir farz namozining vaqti istihoza (kasallik qoni), burundan qon kelishi yoki shularga o'xshash tahoratni sindiruvchi narsalar bilan o'tsa, har bir farz namozining vaqti uchun alohida tahorat qiladi va ushbu tahorati bilan o'sha namoz vaqtida istaganicha farz va nafl namozlarini o'qiyveradi. Sohibi uzrning tahoratini vaqtning chiqishi buzadi, masalan quyosh chiqishi kabi. Vaqtning kirishi uning tahoratini buzmaydi, masalan zavol kabi”(“Tahorat bobi”).
Demak, sohibi uzrga aylanish uchun to'liq bir farz namozining vaqti miqdoricha betahoratlik davom etishi shart bo'lib, masalan: bir kishining burni yoki tishi yoki boshqa joyi peshin namozining avvalgi vaqtida qonashni boshlasa va peshinning oxirgi vaqtiga borib to'xtab qolsa, u sohibi uzr sanalmaydi. Chunki betahoratlik to'liq bir namozning vaqtini o'z ichiga olmadi. Ammo ushbu holatda qon asrning vaqti kirganidan keyin ham davom etib, asr vaqtini to'liq qoplasa, u holda mazkur odam sohibi uzrga aylanadi. chunki uzr to'liq bir farz namozini ya'ni asrning vaqtini o'z ichiga oldi.
Bir kishi sohibi uzrga aylanganidan keyin, uning uzri bir farz namozining vaqti ichida bir marta sodir bo'lsa ham, sohibi uzrlikdan chiqmaydi. Qachonki to'liq bir farz namozining vaqtida uzri to'liq yo'q bo'lsa, keyin sohibi uzrlikdan chiqadi. Bu haqda “Muxtasarul-Quduriy”ning sharhi “Lubob” kitobida shunday bayon qilingan: “So'ng uzrning sobit bo'lishi uchun uzr bir farz namozining vaqtini to'liq o'z ichiga olishi shartdir. Ya'ni bir farz namozining vaqti ichida tahorat qilib, shu tahorati bilan garchi farzlarni o'ziga cheklanib bo'lsa ham uzridan xoli bo'lgan holda namoz o'qishga qodir bo'lmasa, sohibi uzrga aylanadi. Bu avvalda uzrning sobit bo'lishining sharti bo'lib, uning davom etishi uchun esa, bir farz namozining vaqtida bir marta bo'lsa ham sodir bo'lishi kifoya qiladi. Uzrning yo'q bo'lishi uchun esa, mazkur uzrning bir farz namozining vaqtida bir marta bo'lsa ham sodir bo'lmasligi shart qilinadi”.
Sohibi uzr har bir farz namoz vaqti uchun yangi tahorat oladi va ushbu tahorati bilan mazkur farz namozining vaqtida istaganicha namoz o'qiyveradi. Qachonki ushbu namozning vaqti chiqsa, uning tahorati singan hisoblanadi va keyingi farz namozi uchun yana qaytadan tahorat oladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi.
Yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, hanafiy mazhabi asosida pok dinimizning asl mohiyatini ayol-qizlarga yetkazish, bid’at-xurofotlarning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi. Bu jarayonda, tabiiyki, otinoyilarning alohida o‘rni bor.
Shu yil 13 avgust kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilar ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda diniy soha hodimlari, shu jumladan, otinoyilarning mas’uliyati, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, ayol-qizlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, sof Islom dini ta’limotining asl mohiyatini keng ommaga yetkazish va har qanday jaholatni ilm-ma’rifat bilan yengish mumkinligi to‘g‘risida gapirdilar.
Tadbirda Toshkent shahar, “Ma’rifiy targ‘ibot markazi” davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali soxibi, Xidirov Mirzoxid G‘ayratovich Toshkent shahar bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Zulayho Soatova, Toshkent shahar hokimligi mas’ul xodimasi Nilufar Irgasheva va Toshkent shahar tumanlari bosh imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari va hudud otinoyilari ishtirok etdi.
Toshkent shahar, "Ma’rifiy targ‘ibot markazi" davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali soxibi, Xidirov Mirzoxid G‘ayratovich 2025-yil 25-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining 1037-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun –mohiyati. Mutaassiblik nima? Radikalizm atamasi haqida. Mutaassib va radikal shaxsning belgilari, bir-biridan farqi va uni aniqlash usulari. Ular bilan suhbat o‘tkazish usullari to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Nilufar Irgasheva otinoyilar faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar to‘g‘risida fikr almashdi. Shu bilan birga 6 oy davomida otinoyilar tomonidan amalga oshiriligan ishlar yuzasidan tahliliy fikrini bildirib, shuningdek, xar bir otinoyi MFY idoralarda “Jaxolatga karshi ma’rifat” loyihasi asosida tashkil etilayotgan manaviy-marifiy tadbirlarni o‘tkazishda faol bo‘lishlari lozimligini va ayollarni urfimiz va milliyligimizga xos kiyinishlarini va boshqalarga taqlid qilmasliklarini haqida bosqichma-bosqich tushuntirish ishlarini olib borishini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilish doirasida otinoyilarning savollariga javoblar qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati