Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Avgust, 2025   |   12 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:52
Quyosh
05:23
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:38
Xufton
21:02
Bismillah
06 Avgust, 2025, 12 Safar, 1447

Hulqingiz ila oyat bo'ling!

12.01.2024   697   5 min.
Hulqingiz ila oyat bo'ling!

Sizdan talab qilinadigan narsa yoningizda Qur'on kitobi yurishi emas!

Sizdan talab qilinadigan narsa bu – xulq-atvoringiz bilan oyat bo'lishingizdir!

Ba'zi odamlar o'ylaydiki, go'zal xulq chiroyli gap, go'zal muomalaga cheklangan, go'zal xulq deganda faqat shu tushuniladi, deb. Aslida esa chiroyli xulq bundan kengroq tushuncha! U kamtarlikni, kibr qilmaslikni, kichiklarga rahm qilishni, kattalarni hurmatlashni, sabrni, yumshoqfe'llikni, rostgo'ylikni va boshqa narsalarni o'z ichiga oladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan odamlarni eng ko'p jannatga kirgizadigan narsa nimaligini so'rashibdi. U zot alayhissalom: “Allohdan taqvo qilish va go'zal xulq”, deb javob bergan ekanlar.

Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: “Husni xulqning mohiyati – imkon boricha yaxshilik qilish, hech kimga ozor bermaslik va ochiq chehrali bo'lishdir”.

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan go'zal xulq haqida so'rabdi, shunda u zot quyidagi oyatni tilovat qilibdilar:

“Kechirimli bo'l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz bur” (A'rof surasi, 199-oyat)

Keyin dedilar: “Go'zal xulq bu – sendan aloqani uzgan odamga silai rahm qilishing, senga bermaganga sen berishing, senga zulm qilganni kechirishingdir”.

Go'zal xulq sohibi bo'lmoqchimisiz? Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini o'zingiz uchun dasturul-amal qilib oling: “Odamlarning Allohga eng mahbubi – odamlarga eng ko'p foydasi tegadiganidir. Amallar ichida Allohga eng seviklisi – musulmonning qalbiga uning biror g'amini aritish ila yoki qarzini to'lab berish ila yoxud ochligini ketkazish ila kirgazadiganingiz xursanchilikdir! Bir birodarimning hojatini chiqarish uchun (ko'chada) yurishim men uchun bu masjidda (ya'ni Masjidun nabaviyda) bir oy e'tikof o'tirganimdan yaxshidir. Kimki g'azabi chiqqanda uni izhor qilishga imkoni bo'la turib o'zini tiysa, Alloh qiyomat kuni qalbini rozilikka to'ldiradi. Kimki birodari hojatini ravo qilish uchun yurib, uni ravo qilsa, Alloh qadamlar toyiladigan kunda uning qadamini sobit qiladi”.

Ahnaf ibn Qays rahimahulloh aytadi: “Sizlarga eng og'ir dard nima ekanini aytaymi?”. Odamlar: “Ha, ayting!” deyishdi. Dediki: “Razil xulq va shaloq til”.

Junayd rahimahulloh aytadi: “Hulqi chiroyli fosiq bilan do'st bo'lishim men uchun xulqi buzuq qori bilan do'st bo'lganimdan yaxshidir!”.

U kishi yana aytadi: “To'rt xislat bandani oliy darajalarga ko'taradi, garchi ilmi va amali oz bo'lsa ham: yumshoq fe'llik, kamtarlik, saxiylik va go'zal xulq”.

Yana bir narsani ta'kidlab o'tish kerakki, go'zal axloq degani hamma haq-huquqlaringiz joyida, hamma narsadan rozi bo'lgan vaqtingizda o'zingizni yaxshi tutishingiz emas! Go'zal axloq – eng qiyin holatda ham, nafsingizga og'ir botadigan vaziyatda ham o'zgarmay turishingiz, yaxshiligingizda bardavom bo'lishingiz, safsatalardan o'zingizni baland tutishingizdir! Toza xulqning sifati odamlar harchand o'zgarsada o'zgarmaydi!

Saxovatli odam kambag'al bo'lib qolsa ham saxiyligini yo'qotmaydi!

Aziz odam zulm ko'rsa ham azizligini, obro'sini saqlab qoladi!

Yaxshilik qiluvchi odam odamlardan yomonlik ko'rganda ham ularga yaxshilik qilaveradi.

Ularning xulqlari Allohga ibodat erur! Vujudlari bu go'zal fe'l-atvor ila Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashib boradi!

Abdulloh ibn Muborakka aytishgan ekan: Bizga go'zal xulqni bir so'z bilan ifodalab bering. U zot: “G'azabni qo'y!” debdilar.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo tashvishlari sizni “mast” qilmasin!

06.08.2025   199   2 min.
Dunyo tashvishlari sizni “mast” qilmasin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘tgan solihlardan biri Alloh taoloning ushbu: ...Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang... (Niso surasi, 43-oyat) oyatini eshitib, bunday dedi: Qanchadan-qancha namozxonlar borki, ular xamr ichmaganlar, lekin dunyoning mashg‘ulotlari ularni mast qilib qo‘yganidan namozida nima deyayotganini bilmaydi.

 

Izoh: Demak, inson nafaqat aroq yoki boshqa mast qiluvchi ichimliklardan, balki dunyoning ko‘plab chalg‘ituvchi, o‘ziga tortuvchi ishlari, tashvishlari va ularni hal qilishga bo‘lgan harakatlar natijasida ham “mast” bo‘lishi mumkin ekan.

Ya’ni, inson shunchalik ko‘p dunyoviy ishlarga sho‘ng‘ib ketadiki, ular uning fikri-yodini egallab oladi va oqibatda u Allohga ibodat qilayotganida ham dunyoni o‘ylayveradi, namozida nima deyayotganini tushunmay qoladi.

Shuningdek, dunyoga bo‘lgan haddan tashqari muhabbat va u bilan band bo‘lish insonning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, natijada ibodatlarning qadri va mohiyati ham yo‘qolib qoladi.

Xuddi mast inson kabi, bunday kishi ham o‘zining holatini to‘liq anglab yetmaydi va ibodatning haqiqiy huzuridan mahrum bo‘ladi.

 

Eslatma: Qur’oni karimdagi: Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang.. oyati ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir.

Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda.

Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi.

Maqolalar