Sizdan talab qilinadigan narsa yoningizda Qur'on kitobi yurishi emas!
Sizdan talab qilinadigan narsa bu – xulq-atvoringiz bilan oyat bo'lishingizdir!
Ba'zi odamlar o'ylaydiki, go'zal xulq chiroyli gap, go'zal muomalaga cheklangan, go'zal xulq deganda faqat shu tushuniladi, deb. Aslida esa chiroyli xulq bundan kengroq tushuncha! U kamtarlikni, kibr qilmaslikni, kichiklarga rahm qilishni, kattalarni hurmatlashni, sabrni, yumshoqfe'llikni, rostgo'ylikni va boshqa narsalarni o'z ichiga oladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan odamlarni eng ko'p jannatga kirgizadigan narsa nimaligini so'rashibdi. U zot alayhissalom: “Allohdan taqvo qilish va go'zal xulq”, deb javob bergan ekanlar.
Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: “Husni xulqning mohiyati – imkon boricha yaxshilik qilish, hech kimga ozor bermaslik va ochiq chehrali bo'lishdir”.
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan go'zal xulq haqida so'rabdi, shunda u zot quyidagi oyatni tilovat qilibdilar:
“Kechirimli bo'l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz bur” (A'rof surasi, 199-oyat)
Keyin dedilar: “Go'zal xulq bu – sendan aloqani uzgan odamga silai rahm qilishing, senga bermaganga sen berishing, senga zulm qilganni kechirishingdir”.
Go'zal xulq sohibi bo'lmoqchimisiz? Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini o'zingiz uchun dasturul-amal qilib oling: “Odamlarning Allohga eng mahbubi – odamlarga eng ko'p foydasi tegadiganidir. Amallar ichida Allohga eng seviklisi – musulmonning qalbiga uning biror g'amini aritish ila yoki qarzini to'lab berish ila yoxud ochligini ketkazish ila kirgazadiganingiz xursanchilikdir! Bir birodarimning hojatini chiqarish uchun (ko'chada) yurishim men uchun bu masjidda (ya'ni Masjidun nabaviyda) bir oy e'tikof o'tirganimdan yaxshidir. Kimki g'azabi chiqqanda uni izhor qilishga imkoni bo'la turib o'zini tiysa, Alloh qiyomat kuni qalbini rozilikka to'ldiradi. Kimki birodari hojatini ravo qilish uchun yurib, uni ravo qilsa, Alloh qadamlar toyiladigan kunda uning qadamini sobit qiladi”.
Ahnaf ibn Qays rahimahulloh aytadi: “Sizlarga eng og'ir dard nima ekanini aytaymi?”. Odamlar: “Ha, ayting!” deyishdi. Dediki: “Razil xulq va shaloq til”.
Junayd rahimahulloh aytadi: “Hulqi chiroyli fosiq bilan do'st bo'lishim men uchun xulqi buzuq qori bilan do'st bo'lganimdan yaxshidir!”.
U kishi yana aytadi: “To'rt xislat bandani oliy darajalarga ko'taradi, garchi ilmi va amali oz bo'lsa ham: yumshoq fe'llik, kamtarlik, saxiylik va go'zal xulq”.
Yana bir narsani ta'kidlab o'tish kerakki, go'zal axloq degani hamma haq-huquqlaringiz joyida, hamma narsadan rozi bo'lgan vaqtingizda o'zingizni yaxshi tutishingiz emas! Go'zal axloq – eng qiyin holatda ham, nafsingizga og'ir botadigan vaziyatda ham o'zgarmay turishingiz, yaxshiligingizda bardavom bo'lishingiz, safsatalardan o'zingizni baland tutishingizdir! Toza xulqning sifati odamlar harchand o'zgarsada o'zgarmaydi!
Saxovatli odam kambag'al bo'lib qolsa ham saxiyligini yo'qotmaydi!
Aziz odam zulm ko'rsa ham azizligini, obro'sini saqlab qoladi!
Yaxshilik qiluvchi odam odamlardan yomonlik ko'rganda ham ularga yaxshilik qilaveradi.
Ularning xulqlari Allohga ibodat erur! Vujudlari bu go'zal fe'l-atvor ila Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashib boradi!
Abdulloh ibn Muborakka aytishgan ekan: Bizga go'zal xulqni bir so'z bilan ifodalab bering. U zot: “G'azabni qo'y!” debdilar.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov