“Mollarini Alloh rizoligini istab, samimiy dillaridan chiqarib sarf qiladigan kishilar adirdagi boqqa o'xshar: unga jala quygach, hosilini ikki barobar etishtirar. Agar unga jala yog'magan bo'lsa, tomchilab yoqqan yomg'ir ham (o'ziga yarasha undirar). Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir” (Baqara surasi, ٢٦٥-oyat).
Har bir musulmon hayoti davomida yaxshi amallar, ezgu ishlar payida bo'lishi lozim. Chunki xayrli ishlar mo'min kishining hayoti mazmuniga aylansagina, oyati karimaning amaldagi isbotini ko'radi.
Oyati karimada mo'min kishi vasf qilinmoqda. U riyo uchun emas, Allohning roziligi uchun ixlos bilan sadaqa qiladi. Uning qalbi silliq toshdek qotib qolgani yo'q, balki iymon nuri ila munavvar, yaxshilik umidi bilan obod.
“Mollarini Alloh rizoligini istab, samimiy dillaridan chiqarib sarf qiladigan kishilar adirdagi boqqa o'xshar”.
Tepalikdagi bog' bahavo bo'ladi. “Unga jala quygach, hosilini ikki barobar etishtirar”. Ya'ni, u yoqqan yomg'irdan unumdor bo'ladi. To'la ishonch bilan, Allohning roziligini tilab qilingan sadaqa ham shunday: egasini mo'l savobga erishtiradi. U bog'ning mevasi ko'payishi uchun doimo kuchli yomg'ir yog'ishi shart emas.
“Agar unga jala yog'magan bo'lsa, tomchilab yoqqan yomg'ir ham (o'ziga yarasha undirar)”. Maydalab yoqqan yomg'ir bilan ham uning mevasi ko'payaveradi. Shuningdek, mo'min bandaning riyosiz, minnatsiz va ozorsiz, ixlos bilan qilgan nafaqasi oz bo'lsa ham, ko'p ajr-savobga sabab bo'laveradi.
“Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir”.
Kim nima qilyapti, sadaqani qanday beryapti, kim Allohning roziligini istayapti – hamma-hammasini Alloh ko'rib turadi.
Hayr va hasanotni mo'l qilish, saxiy bo'lish lozim. Alloh xayr qiluvchi, saxiy qullarini sevadi.
“Bir dona xurmo bilan bo'lsa ham, faqirga ikrom etgan kishiga o'sha xurmo donasi besh narsani mujdalaydi:
1) men bir dona edim, meni ko'paytirding; .
2) kichik narsa edim, ulg'aytirding; .
3) men dushman edim, sen do'st aylading;
4) men eyilib yo'q qilinardim, meni abadiylashtirding; .
5) hozirgacha sen meni saqlashga harakat etarding, bundan buyon men sening saqlanishingga sabab bo'laman”.
Alloh taolo barchamizning sadaqa, ehsonlarimizni beriyo, benuqson qabul aylab, savoblarini ko'paytirib bersin.
Zayniddin G'IYoSIDDINOV,
Oltinko'l tumani “Maslahat” jome
masjidi imom-xatibi
#Sayyor_yig‘ilish
Shu yil 12 avgust kuni Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kun davomida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha masjidlar imom-xatiblari hojilar bilan birgalikda hududdagi mahallalarga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan ham yakkama-yakka suhbatlar olib borildi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashdir.
100 ta oilaga kirish 100 xil muammo va shuncha yechim degani.
Tadbir ishtirokchilari yana «Niyozmat ota» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati