“Mollarini Alloh rizoligini istab, samimiy dillaridan chiqarib sarf qiladigan kishilar adirdagi boqqa o'xshar: unga jala quygach, hosilini ikki barobar etishtirar. Agar unga jala yog'magan bo'lsa, tomchilab yoqqan yomg'ir ham (o'ziga yarasha undirar). Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir” (Baqara surasi, ٢٦٥-oyat).
Har bir musulmon hayoti davomida yaxshi amallar, ezgu ishlar payida bo'lishi lozim. Chunki xayrli ishlar mo'min kishining hayoti mazmuniga aylansagina, oyati karimaning amaldagi isbotini ko'radi.
Oyati karimada mo'min kishi vasf qilinmoqda. U riyo uchun emas, Allohning roziligi uchun ixlos bilan sadaqa qiladi. Uning qalbi silliq toshdek qotib qolgani yo'q, balki iymon nuri ila munavvar, yaxshilik umidi bilan obod.
“Mollarini Alloh rizoligini istab, samimiy dillaridan chiqarib sarf qiladigan kishilar adirdagi boqqa o'xshar”.
Tepalikdagi bog' bahavo bo'ladi. “Unga jala quygach, hosilini ikki barobar etishtirar”. Ya'ni, u yoqqan yomg'irdan unumdor bo'ladi. To'la ishonch bilan, Allohning roziligini tilab qilingan sadaqa ham shunday: egasini mo'l savobga erishtiradi. U bog'ning mevasi ko'payishi uchun doimo kuchli yomg'ir yog'ishi shart emas.
“Agar unga jala yog'magan bo'lsa, tomchilab yoqqan yomg'ir ham (o'ziga yarasha undirar)”. Maydalab yoqqan yomg'ir bilan ham uning mevasi ko'payaveradi. Shuningdek, mo'min bandaning riyosiz, minnatsiz va ozorsiz, ixlos bilan qilgan nafaqasi oz bo'lsa ham, ko'p ajr-savobga sabab bo'laveradi.
“Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir”.
Kim nima qilyapti, sadaqani qanday beryapti, kim Allohning roziligini istayapti – hamma-hammasini Alloh ko'rib turadi.
Hayr va hasanotni mo'l qilish, saxiy bo'lish lozim. Alloh xayr qiluvchi, saxiy qullarini sevadi.
“Bir dona xurmo bilan bo'lsa ham, faqirga ikrom etgan kishiga o'sha xurmo donasi besh narsani mujdalaydi:
1) men bir dona edim, meni ko'paytirding; .
2) kichik narsa edim, ulg'aytirding; .
3) men dushman edim, sen do'st aylading;
4) men eyilib yo'q qilinardim, meni abadiylashtirding; .
5) hozirgacha sen meni saqlashga harakat etarding, bundan buyon men sening saqlanishingga sabab bo'laman”.
Alloh taolo barchamizning sadaqa, ehsonlarimizni beriyo, benuqson qabul aylab, savoblarini ko'paytirib bersin.
Zayniddin G'IYoSIDDINOV,
Oltinko'l tumani “Maslahat” jome
masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
اللّهُمَّ صَل صَلَوةً كَامِلَةً وَ سَلَّمْ سَلَاماً تَامَّا عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّد الَّذِى تَنْحَل بِهِ الْعُقَدُ وَ تَنْفَرِجُ بِهِ الْكُرَبُ وَ تُقْضَى بِهِ الْحَوَائِجُ وَ تُنَالُ بِهِ الرَّغَائِبُ وَ حُسْنُ الْخَوَاتِمِ وَ يُسْتَسْقَى الْغَمَامُ بِوَجْهِهِ الْكَرِيمِ وَ عَلى آلِهِ وَصَحْبِهِ فِي كُلِّ لَمْحَةٍ وَ نَفَسٍ بِعَدَدِ كُلِّ مَعْلُومٍ لَكَ.
Allohumma solli solatan kamilatan, vasallim salaman tamman ’ala sayyidina Muhammadinillaziy tanhallu bihil ’uqodu va tanfariju bihil kurobu va tuqzo bihil havaiju va tunalu bihir-rog‘oibu va husnul-xavotimi va yustasqol-g‘amomu bi-vajhihil kariymi, va ’ala alihi va sohbihi fi kulli lamhatin va nafasin bi ’adadi kulli ma’lumin lak.
Ma’nosi: Allohim, hazrati Muhammadga va ul zotning oilalari (ahli)ga har nafas va har lahzada O‘zingga ma’lum bo‘lgan sanoqlar miqdoricha komil salavot va mukammal salom yuborgin, chunki ul zotning vositasida (har qanday) tugunlar yechiladi, qiyinchiliklar ketadi, mashaqqatlar bartaraf bo‘ladi, hojatlar ravo bo‘ladi, orzularga va yaxshi-go‘zal oqibatlarga erishiladi hamda ul zotning go‘zal-karamli yuzlari hurmatidan yomg‘irlar so‘raladi. («Al-ad’iyatul-voridatu fil-ayatil karimati val ahodisish sharifax», 64-s).
Bu salavotni har bir namoz ortidan o‘n bir marta o‘qiladi. Biror hojat yoki mushkulotning hal bo‘lishi uchun avval 114 marta Fotiha surasi o‘qilib, keyin bu salavot mukammal 4444 (to‘rt ming to‘rt yuz qirq to‘rt) marta o‘qilsa, ortidan Anfol surasining 60-64-oyatlari tilovat qilinsa, murodga erishilishi tajribalarda sinalgan. Ushbu salavot «As-siyatul komila» yoki tez ijobat bo‘lgani uchun «An-noriya» deb nomlangan.
Bir rivoyatga ko‘ra, Sayyid Ahmad at-Toziyga nisbatan «At-Toziya» yoki «At-Tafrijiyya» deb ham ataladi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadilar: “Kimki bu salavotni har kuni qirq bir marta yoki yuz marta yoki undan ziyoda o‘qisa, Alloh taolo uning g‘am-tashvishlarini aritadi va qiyinchiliklarini ketkazadi, ishlarini yengillashtiradi, qalbini nurga to‘ldiradi, martabasini ko‘taradi, holatini chiroyli qiladi, rizqini keng qiladi, unga yaxshilik eshiklarini ochib qo‘yadi, so‘zini o‘tadigan qilib qo‘yadi, zamonning turli hodisalaridan va och-faqirlik falokatlaridan omonda saqlaydi va bundan boshqa fazilatlar bilan siylaydi”.
“Eng go‘zal salavotlar” risolasidan