1 oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, fidoiy mudarrislar hamda jonkuyar murabbiylarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qutlovlari yo‘llandi.
Diniy idora tizimidagi oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida ushbu tabrik o‘qib eshittirildi. Jumladan, “Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish, ya’ni, ustozlik qilishning fazilati undan-da ulug‘dir. Alloh taolo ilm qadrini baland qildi va uning orqasidan ilm ato etilgan insonlarning ham qadrini yuksak qilib qo‘yganini Qur’oni karimda bayon etdi”, deyiladi tabrik matnida.
Shuningdek, unda so‘nggi yillarda diniy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, pedagog-o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi rejalar ham eslab o‘tildi.
Qutlov so‘ngida diniy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan barcha o‘qituvchi va murabbiylarga sihat-salomatlik, uzoq umr, sharafli va mashaqqatli faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati