Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Halil Sayyid bo'yra to'qib, sotish bilan shug'ullanar edi. Uning odati shu ediki, biror masjid yoki namozgohni bo'yrasiz ko'rsa, darhol unga yangi bo'yra to'qib, to'shab berar edi. U vaqtlarda masjid va xonadonlarga palos va gilamlar ostidan bo'yra solinar edi. Bir kuni Halil Sayyid ajoyib tush ko'radi. Tushida uning umurtqa suyagi osilib turgan katta bir bosh uzum shakliga kirib qolganini, odamlar guruh-guruh, jamoat-jamoat bo'lib kelib, o'sha bir bosh uzumdan esalar ham tugamaganini ko'radi. Bu tush bir necha marotaba takrorlangach, katta ustozlardan birini oldiga borib, ko'rgan tushini aytib beradi. Shunda ustoz undan «Farzanding bormi?» deb so'raydi. U «Ikki yashar o'g'lim bor, Mahmud» deb javob berdi. Ustoz «Uni Azhari sharifga o'qishga yubor, shar'iy ilmlarni o'rgansin, kelajakda uning shoni va manfaati buyuk bo'ladi» deb tayinlaydi. U o'g'lini Azharga o'qishga yuboradi.
Mahmud Qur'oni Karimni sakkiz yoshida yod oldi, keyinchalik esa insoniyat tarixida birinchi bo'lib Qur'oni Karimni o'qib, magnit tasmasiga yozdirgan qori bo'ldi. Mahmud bu ish uchun haq olishdan bosh tortdi. Ana shu buyuk ixlosi tufayli Alloh taolo uni butun dunyoda maqbul bo'lish sharafi bilan mukofotladi.
Bu o'sha mashhur Mahmud Halil Husoriy edi.
Mahmud Halil Husoriyga ko'p ishlarda birinchi bo'lish nasib bo'ldi.
1961 yili birinchi bo'lib Qur'oni Karimni Hafsning Osimdan qilgan rivoyati asosida magnit tasmasiga tartil bilan o'qib yozdirdi;
1964 yili birinchi bo'lib Qur'oni Karimni Varshning Nofe'dan qilgan rivoyati asosida magnit tasmasiga tartil bilan o'qib yozdirdi;
1968 yili birinchi bo'lib Qur'oni Karimning Qolun va Davriyning Abu Amr Basriydan qilgan rivoyati asosida magnit tasmasiga tartil bilan o'qib yozdirdi;
1969 yili birinchi bo'lib Qur'oni Karimni o'rgatuvchi «Al-Qur'on al-Muallim» darslarini tasmaga tushirdi;
1975 yili tafsirli mushaf asosidagi qiroatni tasmaga yozdirdi;
1977 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida Qur'oni Karimni tilovat qilgan va peshin namoziga o'sha minbardan turib azoni Muhammadiyni aytgan birinchi musulmon bo'ldi;
1978 yili Londondagi Angliya qirolining qasrida ilk marotaba Qur'oni Karimni tilovat qildi;
Oq uy va AQSh Kongressida ham birinchi bo'lib Qur'oni Karimni tilovat qildi;
Mahmud Halil Husoriy 1980 yil 24 noyabr' kuni, xufton namozidan keyin Allohning huzuriga rihlat qildi. U umrining ellik besh yildan ko'prog'ini Allohning Kitobi xizmatiga baxshida etgan edi.
Biz – barcha musulmonlar haligacha o'sha bo'yrachi Halil Sayyidning "bir bosh uzumi"dan bahramand bo'lib kelmoqdamiz. Inshaalloh, bu mevaning foyda va samarasi qiyomatga qadar to'xtamaydi. Bu – Alloh azza va jalla solih amalni hech vaqt zoye qilmasligiga yorqin dalildir.
Oddiy bir Husoriy – bo'yrachi otaning Alloh yo'lida qilgan kichik bir xolis amali tufayli farzandining ovozi to qiyomatgacha Qur'on bilan boqiy qoldi. Bo'yrachi ma'nosini bildiruvchi Husoriy laqabi ham o'g'lining ismi bilan to qiyomatgacha bardavom qoldi.
Alloh roziligi uchun qilingan kichik bir amalni ham aslo past sanamang. Zero, amallarga ularning katta-kichikligiga qarab emas, balki niyatlarga ko'ra natija beriladi!
Yo Alloh! Barchamizning amallarimizni xolis O'zingni roziliging uchun bo'lishiga tavfiq va quvvat bergin! Zurriyotlarimizdan to qiyomatgacha insoniyatga manfaat etkazadigan solih va solihalarni chiqargin!
#Sayyor_yig‘ilish
Shu yil 12 avgust kuni Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kun davomida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha masjidlar imom-xatiblari hojilar bilan birgalikda hududdagi mahallalarga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan ham yakkama-yakka suhbatlar olib borildi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashdir.
100 ta oilaga kirish 100 xil muammo va shuncha yechim degani.
Tadbir ishtirokchilari yana «Niyozmat ota» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati