Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloma Qozi Bayzoviy rahimahulloh haqida qiziq rivoyat bor:
"Bayzoviy o‘zining "Anvorut tanzil va asrorut ta’vil" nomli tafsirini yozib bitirgach, uni sultonga ko‘rsatish uchun Bag‘dodga yo‘l oldi. Maqsadi sultondan tirikchilik va zamon tashvishlariga asqotadigan biror narsa olish edi.
Yo‘lda bir qishloqda to‘xtadi. Shayxlardan birining uyida mehmon bo‘ldi. Shayx uni mehmon qildi. Ziyofatdan so‘ng shayx undan so‘radi:
- Qayerga ketayapsan?
- Bag‘dodga!
- Nega?
- Men bir tafsir yozdim. Ko‘p mehnat qildim. Qizlarim bor. Ularning bo‘yi yetib qolgan. Ularni turmushga berishim kerak!
Shayx so‘radi:
- "Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn"ni nima deb tafsir qilding?
- Biz bu oyatni "Sendan O‘zgaga ibodat qilmaymiz, Sendan O‘zgadan yordam so‘ramaymiz" deb tafsir qildik!
- Nega unaqada o‘zgadan yordam so‘ragani borayapsan?!
Shayxning gapi Bayzoviyga ta’sir qildi. Bag‘dodga bormadi. Orqasiga qaytdi.
Aytishlaricha, uning tafsiriga ana shundan so‘ng qabuliyat berildi. Tirikligida ham, vafot etganidan keyin ham olimlar unga murojaat qilishdi va qilishayapti.
Uning tafsiriga uch mingdan ortiq tafsir, hoshiya va ta’liqlar bitildi. Juda ko‘p inson undan foyda oldi va olmoqda!
"Ar-rihlatul Ayyoshiyya" asaridan Abdulazim AKROM