Dunyoyu oxiratda g'olib bo'lishni istasangiz, quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
- Ota-onangizga odob bilan gapiring, modomiki ma'siyatga buyurmasalar buyruqlariga itoat eting. Sizdan nimani talab qilishsa ham bajaring.
- Ota-onangizga yumshoq muomalada bo'ling, ularga yuzingizni bujmaytirmang, ularning yuziga g'azab bilan boqmang!
- Ota-onangizning sharafini, obro'sini, mol-davlatlarini muhofaza qiling. So'roqsiz hech narsalariga tegmang.
- Ularni xursand qiladigan ishlarni qiling. Ular buyurmasalar ham o'zingizdan bilib qiling. Sizni chaqirishganda “Labbay onajon, labbay otajon” deb tabassum bilan darhol javob bering.
- Ular bilan tortishmang, aslo ayblamang. Ular xato qilgudek bo'lsalar, to'g'risini odob bilan tushuntirishga harakat qiling! Ularga qaysarlik qilmang, ovozingizni ularnikidan ko'tarmang. Ular gapirganda jim turib quloq soling.
- Honangizga kirib kelsalar, o'rningizdan turib kutib oling, boshlarini va qo'llarini o'ping. Ularning oldiga iznsiz kirmang, ayniqsa uxlashayotganda.
- Sizga ruxsat berishmasa ishingiz qanchalik muhim bo'lsa ham, safarga chiqmang. Har qanday ish qilishdan oldin avval ularning roziligini o'ylang. Zero, Allohning roziligi ularning roziligidadir, Allohning g'azabi ularning g'azabidadir. Ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi, farzandini duoibad qilishi ham mustajobdir. Shunday ekan, ular sizni duoibad qilishlaridan ehtiyot bo'ling!
- Ulardan oldin ovqatlanmang. Yeyishda ham, ichishda ham ularni e'zozlang. Ulardan baland joyda o'tirmang. Ular bor joyda oyoq uzatib o'tirmang. Ularning oldida yurmang, balki teng yuring yoki orqaroqda yuring. Mana shu ularga nisbatan odob va muhabbat bo'ladi.
- Ularga yolg'on gapirmang. Sizga yoqmaydigan ish qilib qo'yishsa, malomat qilmang. Mansabingiz qanchalik katta bo'lmasin, otangizga nisbatlanishdan o'zingizni katta olmang. Ularning yaxshiligini inkor qilib qo'yishdan yoki nojo'ya so'z aytib, ularni ranjitib qo'yishdan hazir bo'ling!
- Ota-onangizga nafaqa qilishdan baxillik qilmang. Sizga hollaridan shikoyat qilishgacha borishmasin! Bu sizga or, uyat bo'ladi. Buni farzandlaringizda ham ko'rasiz, qaytar dunyo!
- Muhtarama opa-singillar, onangizga uy ishlarida yordamlashing. Hurmatli aka-ukalar, otangiz biror ish qilayotganini ko'rsangiz, darrov ishiga yordamlashing. Otangiz yoki onangiz biror yukni ko'tarayotganini ko'rsangiz, yugurib qo'llaridan oling.
- Ota-onangizni vafotlaridan oldin, tiriklik paytlarida ziyorat qiling, ular nomidan sadaqa qiling, ularning haqqiga ko'p-ko'p duo qiling: “Robbim, meni va otamni mag'firat qilgin! Robbim, ular meni yoshligimda tarbiya qilishganidek, ularga rahm aylagin!”.
- Ota-onaga oq bo'lishdan, ularning g'azabidan ehtiyot bo'ling. Dunyoda ham, oxiratda ham xor bo'lasiz! Farzandlaringiz ham sizga xuddi shunday muomala qiladi.
- Ota-onangizdan biror narsa so'rasangiz yumshoqlik bilan so'rang, bersalar rahmat ayting, bermasalar uzr so'rang. Ularni bezovta qilmaslik uchun ko'p narsa so'rayvermang.
- Zimmangizda ota-onangizning haqqi bo'lganingizdek, ayolingizning ham haqqi bor, hamma haqdorlarga haqqini bering. Ular kelishmay qolsalar oralarini muvofiqlashtirishga harakat qiling. Ikki tarafga ham bir-biridan maxfiy tarzda hadyalar ulashing.
- Otangiz yoki onangiz betob bo'lib qolsalar, iloji boricha yonlarida bo'ling. Hizmatlarida, muolaja olish jarayonlarida oldilarida turing hamda ularning haqqiga Allohdan shifo so'rab duo qiling!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz