Biz oddiygina uyda kamtarona hayot kechiramiz. Oylik maoshim ham uncha ko'p emas, lekin o'zimizga etadi, alhamdulillah. Alloh meni 4 nafar o'g'il bilan siylagan.
Katta o'g'lim o'smirlik davriga etgandan keyin uning talablari ko'paya boshladi. Har kuni uyga kelsam, menga u kerak menga bu kerak deb katta xarajat talab qiladigan narsalarni so'raydigan bo'lib qoldi. Imkonim etganicha uning talablarini bajarardim. Lekin ko'pga bormay maoshim oylik sarf xarajatlarga etmay yaqinlardan qarz so'rashga majbur bo'la boshladim.
Bundoq razm solsam, o'g'limning hamma aytayotgan narsalari o'ziga juda zarur bo'lgan narsalar emas, u so'ragan narsalar ichida hech ham foydasi yo'q bolalarning vaqtini behudaga sarflashga sabab bo'ladigan narsalar ham bor edi.
Bu holatda bir chora ko'rmasam, ham oilamiz byudjetiga, ham o'g'limning tarbiyasiga katta zarar etishi turgan gap edi. Shuning uchun onasi bilan bir tadbir o'ylab topdik. Oylik maoshimni olgan kunim men, o'g'lim va onasi uchchalamiz bir oy davomida qiladigan xarajatlarimizni hisoblab chiqadigan bo'ldik. Masalan, uyimizdagi kommunal to'lovlar uchun qancha ketadi, bir oylik oziq-ovqatimiz qanchaga tushadi, kiyim kechak, dori darmon, va hokazo. Shu tarzda hisob-kitob qiladigan bo'ldik.
Hisobot qilib ko'rganimizda xarajatlar miqdori oylik maoshimdan ko'payib ketsa, demak uncha zarur bo'lmagan qaysidir xarajatlarni qisqartirishimiz kerak ekan deb xulosa qilar edik. Bu gaplarni yonimizda o'tirgan katta o'g'lim ham eshitardi. Hisobot oxirida bizdan ham og'ir ahvolda qolgan oilalar bo'lgani holda bizni boshqalarga muhtoj qilmagan Alloh taologa hamdlar aytib o'rnimizdan turardik.
Mana shu hisobotni yo'lga qo'yganimizdan keyin o'g'lim birdaniga o'zgarib qoldi. Biz unga hech narsa demadik, u bizga hech nima demadi, lekin yurish-turishi, o'zini tutishi butunlay o'zgardi. Ishdan kelganimda faqat eng zarur narsalarga - o'quv qurollariga va maktab yig'imlarigagina pul so'rardi. “Tushlik qilishingga pul so'ramayapsan?” desam, “Uydan egulik tayyorlab olib ketyapman” deydi. Uning gapini eshitib mashaalloh, o'g'lim mas'uliyatni his qiladigan kap-katta yigit bo'lib qolibdi deb ich-ichimdan xursand bo'ldim.
Bir kuni onasiga ishga kirmoqchiligini aytibdi. Buni eshitib onasi bilan quvondik. Ha, o'g'limiz ulg'ayibdi dedik. Lekin o'qishiga xalal bermasin deb ishlashiga ruxsat bermadik.
Yozgi ta'tilga chiqqanda “Uyga yordam bergim kelyapti, sizlarga oz bo'lsa ham yordam beray” deya kuniga 30 junayh pul beradigan ishga kirdi. Ishlaydigan joyida halol mehnati bilan yuzimizni yorug' qildi. Men ham o'z navbatida o'g'limni ukalariga maqtab o'rnak qilib ko'rsatadigan bo'ldim.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahridagi "To‘ra Buva" jome masjidi imom-xatibi Umidjon domla Sodiqovning otalari Anvar hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Umidjon domla Sodiqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi