Hamyurtlarimiz ayni kunlarda Rasululloh ﷺ shaharlari — muborak Madinada ibodat va ziyoratlar bilan mashg‘ul. Muborak safarga Fatvo markazi ulamosi va tajribali ellikboshilar boshchilik qilmoqda.
Ular ziyoratchilarni Uhud tog‘i va Qubo masjidlariga olib borib, bu muborak joylarning Islom tarixida tutgan o‘rni haqida ta’sirli ma’ruzalar qildilar.
Madina havosidagi sukunat, ulamolarning qalbga kirib boruvchi so‘zlari va ziyoratchilarning ixlosli duolari — har bir insonga zavqu shavq bag‘ishlaydi.
Alloh taolo bu safardagi hamyurtlarimizning ibodat va ziyoratlarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati