Hamyurtlarimiz ayni kunlarda Rasululloh ﷺ shaharlari — muborak Madinada ibodat va ziyoratlar bilan mashg‘ul. Muborak safarga Fatvo markazi ulamosi va tajribali ellikboshilar boshchilik qilmoqda.
Ular ziyoratchilarni Uhud tog‘i va Qubo masjidlariga olib borib, bu muborak joylarning Islom tarixida tutgan o‘rni haqida ta’sirli ma’ruzalar qildilar.
Madina havosidagi sukunat, ulamolarning qalbga kirib boruvchi so‘zlari va ziyoratchilarning ixlosli duolari — har bir insonga zavqu shavq bag‘ishlaydi.
Alloh taolo bu safardagi hamyurtlarimizning ibodat va ziyoratlarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati