Cavol: Farzlardan avval va keyin o'qiladigan sunnatlarning qanday fazilati bor? Ularni o'qimasa ham bo'ladimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohim. Mazkur sunnatlarning fazilati katta. Bir qancha hadisi shariflarda ularni doim o'qib yurishga kuchli targ'ib bor. Ularni uzrsiz tark qilishni ulamolar makruh deydilar.
Bizning o'lkalarda farz namozlaridan avval va keyin o'qiladigan namozlarni sunnat, boshqa ixtiyoriy namozlarni esa nafl namozlar deb atalishi urfga kirgan. Aslida farz namozlardan avval va keyin o'qiladigan nafl namozlar ta'kidlangan sunnatlar (sunnatul huda)ga kiradi. Ta'kidlangan sunnatlarni Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam doim o'qib yurganlar, juda kam holatlarda tark qilganlar.
Sunnati muakkadaning hukmi shuki, unga amal qilgan odam savob oladi. Uni tark etgan kishi esa malomat qilinadi. Agar tark etish takrorlanaversa, gunohkor bo'ladi (“Umdatur-rioya” kitobi).
Mazkur sunnatlar haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim bir kecha va kunduzda (farzdan tashqari) o'n ikki rakat namoz o'qisa, unga jannatdan uy quriladi. Peshindan oldin to'rt va keyin ikki rakat. Shomdan keyin ikki rakat, Huftondan keyin ikki rakat. Bomdoddan oldin ikki rakat”(Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisni eshitgan Ummu Habiba onamiz raziyallohu anhu: “Shundan keyin ularni doimo o'qib kelmoqdaman”, deganlar.
Hanafiy mazhabimizda ushbu rivoyatni, to'lig'icha hayotga tatbiq qilingan. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe' sunnatlarni doimiy ravishda o'qib borishga qattiq targ'ib va ulkan va'da bor. Bu va'da – jannatda ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan qurib beriladigan alohida uy (qasr)dir. Shuning uchun ham Ummu Habiba onamiz, ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmay ado qilganlar.
Hanafiy mazhabida eng ta'kidlangan sunnat – bomdodning sunnatidir. Payg'ambarimiz bu haqida bunday deydilar: “Bomdodning ikki rakati (sunnati)ni, agar sizlarni otliqlar quvib kelsa ham, tark qilmanglar!”(Imom Ahmad va Imom Abu Dovud rivoyati).
Farzdan avvalgi sunnatlarning vaqti namoz vaqti kirgandan toki farz namozi boshlanguncha, farzdan keyingi sunnatlarning vaqti, farzdan keyin toki namoz vaqti chiqqunichadir. Jumhur ulamo sunnat namozlarini uzrsiz tark qilishni makruh ko'rganlar. Ba'zi fuqaholar sunnat namozlarini tik turishga qodir bo'la turib, o'tirib o'qish makruhligini bayon qilganlar (“Kuvayt fiqh entsiklopediyasi”).
Ushbu sunnatlar bir tomondan farzga; xushu va xuzuga tayyorgarlik bo'lsa, boshqa tomondan farz namozda ba'zi qusur va kamchiliklar sodir bo'lsa, o'rnini to'ldirish vazifasini o'taydi. Shuning uchun ham shariatda bu namozlarni “mukammilot” – to'ldiruvchi namozlar deb ataladi.
Yana bir muhim jihat Hanafiy mazhabimizda farzdan keyingi sunnatlarni farzning izidan darhol o'qiladi. Faqat hadisi sharifga muvofiq ularning o'rtasi quyidagi kalimalar bilan bo'linadi. Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam farz namozni tugatganlarida uch marta “Astag'firulloh”der edilar va: “Allohim, sen Salom (salomatlik beruvchi)san, salom (ya'ni, salomatlik) sendandir, sen muborak bo'lding, ey, jalol va ikrom egasi!”(Imom Muslim rivoyati).
Yuqoridagi ma'lumotlarga binoan, farzlardan keyingi sunnatlarni masjidda o'qish sunnatga zid emasligi va mazhabimiz qonun-qoidalariga muvofiq kelishini ta'kidlab o'tamiz. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi.
Joriy yilning 10 may kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yunus Ali Oxund” jome masjidida viloyatning shahar va tumanlari bosh imom-xatiblari, otinoyilar va hojilar ishtirokida Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan masjid imom-xatiblarining faodiyat samaradorligini oshirish yuzasidan sayyor seminar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastavval seminar ishtirokchilari bo‘lgan shahar-tuman bosh imom-xatiblar, otinoyilar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga kirib, aholi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularga ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. So‘ng esa shahar-tuman bosh imom-xatiblari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, namozga kelgan jamoatga ma’rifiy suhbatlar qilib berdilar.
Seminar yig‘ilishida esa notiqlar tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahridagi masjidlarning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berilib, tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarning faoliyat samaradorligi oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumandagi Masjid imom-xatiblik faoliyatida namunali va faol mexnat qilayotgan imom-xatib viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Seminar yakunlangach esa, qozidomla boshchiligida masjid hududiga yaxshi niyatlar ila o‘n tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
Andijon viloyat vakilligi Matbuot xizmati