Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yuqorida so‘z yuritilganidek Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga hadislarni yozishga izn beribgina qolmay, ularni undaganlar ham. Sahobalar shu sababli ko‘p hadislarni yozdilar va hatto yozganlarini kitob shakliga keltirdilar. Quyida bular haqida ayrim namunalarni keltiramiz.
ABU HURAYRA ROZIYALLOHU ANHUNING QO‘LYOZMASI
Ma’lumki, Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishda boshqa barcha sahobalardan o‘zib ketgan. Uning rivoyat qilgan hadislari soni 5374 ta ekaniga ittifoq qilingan.
Buning sababi shuki, Islomni qabul qilgandan so‘ng uning asosiy maqsadi Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam hadislarini o‘rganib, ularni saqlash bo‘ldi. Boshqa mashhur sahobalar kabi o‘zini iqtisodiy yumushlar bilan mashg‘ul qilmadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlarini eshitish va u zot atrofida sodir bo‘layotgan har bir voqeadan xabardor bo‘lish uchun doimo u zotning masjidlarida qolardi. Och qolsa ham, xatto bu ochlik uni o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollarda ham tanlagan vazifasidan voz kechmadi.
Uning hadislarni yozuvli holda saqlagani borasida aniq ma’lumotlar uchraydi. Uning talabalaridan biri Hasan ibn Amrning xabar berishicha, bir marta Abu Hurayra roziyallohu anhu uni o‘z uyiga olib boradi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarini yozib qo‘ygan “kuplab kitoblar”ini ko‘rsatadi.
Bundan Abu Hurayra roziyallohu anhu hadislarni yozib qo‘ygan qo‘lyozmalari bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Qolaversa, uning ko‘plab shogirdlari uning rivoyatlarini o‘sha qo‘lyozmalardan yozib olishgan.
ABDULLOH IBN AMR ROZIYALLOHU ANHUNING QO‘LYOZMASI
Abdulloh ibn Amr hadislarni yozib olish uchun Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamdan ko‘rsatma olganlari haqida yuqorida ta’kidlab o‘tildi. Shu sababli, sahoba katta nusxada hadislar jamladi va uning nomini “As-Sahifa as-Sodiqa” (To‘g‘ri sahifa) deb nomladi. Abdulloh ibn Amr bu sahifalarni juda ehtiyot qilardi. Uning sevimli shogirdlaridan biri Mujohid bunday deydi: “Ustozim Abdulloh ibn Amrning oldiga bordim va uning yostig‘i ostida turgan qo‘lyozmani oldim. Uni myeni unga tegishdan qaytardi. Men:“Ilgari myendan hech narsani berkitmas edingiz”, dedim. U bunday javob berdi:
هذه الصادقة ما سمعت من رسول الله ﷺ ليس بيني و بينه أحد. إذا سلمت لي هذه و كتاب الله و الوهظ فلا أبالي على ما كانت عليه الدنيا
“Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganim “As-sahifa as-sodiqa”dir. Men va u zotning orasida boshqa hech qanday roviylar yo‘qdir. Bu sahifa, Allohning Kitobi va Allohning Yeri xavfsizlikda bo‘lsa dunyodagi boshqa hech bir narsa bilan ishim bo‘lmaydi”[1].
Bu sahifalar keyinroq uning farzandlarida qoldi. Uning jiyani Amr ibn Shuayb undagi hadislardan dars berardi. Yahyo ibn Ma’in va Ali ibn al-Madaniy aytadi: "Birorta hadis to‘plamlarida Amr ibn Shu’aybdan rivoyat qilingan hadis bo‘lsa, u albatta “As-sahifa as-sodiqa” qo‘lyozmasidan olingan bo‘ladi[2]. Ibn al-Asir ushbu sahifada mingta hadis jamlanganini aytgan[3].
ANAS IBN MOLIK ROZIYALLOHU ANHUNING QO‘LYOZMASI
Anas ibn Molik Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yozuvni puxta biladigan sahobalaridan biri edi. Onasi uni o‘n yoshida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borib, xizmatlariga topshirgan. U o‘n yil davomida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida bo‘ldi. Bu vaqt mobaynida juda ko‘p hadislar eshitdi va ularni yozib oldi. Uning o‘quvchilaridan biri Said ibn Hilol bunday deydi:
“Biz Anas ibn Molikdan ko‘p iltimos qilganimizdan ayrim yozuv daftarlarini ko‘rsatib: “Bularni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman, ularni yozib qo‘yganman va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tasdiqlatish uchun ko‘rsatganman”, degan[4].
Demak, Anas roziyallohu anhu faqatgina hadislarni yozmay, balki ularni tasdiqlash uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatib ham olganlar.
HAZRAT ALI ROZIYALLOHU ANHUNING QO‘LYOZMASI
Ma’lumki, Hazrat Ali roziyallohu anhuda ham hadis to‘plami bo‘lgan. U zot bunday deganlar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’oni karim va bu sahifa o‘z ichiga olganlardan boshqa hech narsa yozmadim”.
Imom Buxoriy “Sahih” asarining olti yerida bu sahifani zikr etadi. Bu qo‘lyozma tadqiq etilsa, u katta hajda bo‘lgani, unda qasos, xun, fidya, Islom davlatida musulmon bo‘lmaganlarning haqlari, meros ilmining ayrim muhim qismlari, turli yoshdagi tuyalarning zakot nisobi va Madina shahrining muqaddasligi haqidagi hadislarni o‘z ichga olganini bilish mumkin.
Bu sahifa Payg‘amabarimiz sollalohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida yozilgan. Ali roziyallohu anhu hukmronlik qilgan kunlarida, islomiy ilm chegaralarini kengaytirish va odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi fitnachilardan ogoh etish uchun hadisni odamlar orasida tarqatish kerakligini tushundilar. Mashhur tarixchi Ibn Sa’d aytadi: "Ali roziyallohu anhu masjidda o‘rnidan turib ma’ruza qildi. So‘ng insonlardan bir savol so‘radi:
من يشترى علما بدرهم
“Bir dirham evaziga kim ilm sotib olishni istaydi?”.
Ya’ni, hadis o‘rganmoqchi bo‘lganlar bir dirhamga yozuv qog‘ozini sotib olsin va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarini yozib olish uchun uning oldiga kelsin.
Rivoyat qilinishicha, Haris al-Avar Hazrat Ali roziyallohu anhuning huzuriga bir qancha qog‘oz olib boradi va Ali roziyallohu anhu unga ko‘p ilmlar yozib beradilar.
Ma’lumot o‘rnida, Islomning ilk yillarida “ilm” so‘zi faqatgina hadis ilmi uchun ishlatilgan[5].
JOBIR IBN ABDULLOH ROZIYALLOHU ANHU QO‘LYOZMASI
Jobir ibn Abdulloh – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobalardan biri. Eshitgan hadislarini ikki to‘plamga jamlagan.
Ulardan biri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi bor qilgan haj ibodatlari haqidagi to‘plam sanaladi. Ushbu hajning to‘liq, batafsil tafsilotlari Imom Muslimning "Sahih"ida keltirilgan[6].
Ikkinchi to‘plamda turli mavzularga oid hadislarni o‘z ichiga olgan. Jobirning shogirdi Qatoda bunday deydi:
“Men Jobirning sahifa (qo‘lyozma)sini Qur’oni karimning Baqara surasidan ko‘ra yaxshiroq yoddan bilaman”[7].
Abdurazzoqning "Musannaf" asarida bu sahifalardan olingan hadislar ishora qilingan shaklda keltiriladi[8].
ABDULLOH IBN ABBOS ROZIYALLOHU ANHUNING QO‘LYOZMASI
Ibn Abbos Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalari edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida hali juda yosh bola edi. Hadislarni saqlash maqsadida u boshqa sahobalardan tinganlari bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlarini ham to‘pladi. Agar biror sahobaning hadis bilishini eshitsa darhol uning oldiga borardi. U eshitgan hadislarining barchasini to‘pladi. Ular hatto tuyaga yuk bo‘ladigan darajada juda ko‘p edi. Bu sahifalar uning talabasi Kuraybda qoldi. Bu haqda tarixchi Muso ibn Uqba bunday yozadi:
“Kurayb bizga Ibn Abbosning bir tuya keladigan kitoblarini qoldirdi. Ali ibn Abdulloh ibn Abbos bu kitoblarning birortasiga ehtiyoj sezsa, Kuraybga bunday yozardi: “Menga shu, shu kitoblarni yubor”. U esa so‘ralgan kitobdan nusxa olar va ikkisidan birini unga jo‘natar edi”.
Ibn Abbosning shogirdlari bu sahifalardan nusxa ko‘chirar va ularning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun Ibn Abbosga o‘qib berishar edi. Ba’zan Ibn Abbos o‘quvchilariga hadislarni aytib berar va o‘quvchilari uni yozib olishardi.
Ushbu misollar hadislarni to‘plash borasida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalarining sa’y-harakatlarining bir namunasidir. Biz bu kabi misollarning mufassal tadqiqotini olib borishni maqsad qilmaganmiz. Ammo boshqa kitoblarga murojaat qilish mumkin. Bizning maqsadimiz faqatgina ba’zi bir namunalarni keltirish bilan cheklanish. Bu aniq namunalar “Hadislar payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobalari davrlarida yozilmagan”, degan yolg‘on bir iddaoni yo‘qqa chiqarish uchun kifoya qiladi.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Jome’ bayanul ilm. J. 1. – B. 72; Asadul g‘oba fiy ma’rifati sahoba. J. 3. – B. 233-234.
[2] Tahzib at-tahzib. – B. 49.
[3] Asadul g‘oba fiy ma’rifati sahoba. J. 3. – B. 233.
[4] Imom Hokim. Mustadrak. –B. 573-574.
[5] Ibn Sa’d. Tabaqot. J.5. – B. 169.
[6] Qarang: Sahih Muslim. Kitab al-haj. – B. 294.
[7] Tahzib at-tahzib. J. 8. – B. 353.
[8] Abdurazzoq. Musannaf. J. 11.
Hijriy III asr islom ilmlari, xususan, hadis ilmi taraqqiyotida yuksak bosqich hisoblanadi. Bu davrda hadislarni jamlash, ularni saralash, rivoyatlarning sanad va matnini o‘rganish, turli mavzular asosida tasniflash borasida katta ilmiy ishlar amalga oshirildi. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Dorimiy, Abu Iso Termiziy kabi buyuk muhaddislar ana shu ilmiy muhitda yetishib chiqdi. Shu bois hijriy III asr hadis ilmining “oltin asri” sifatida e’tirof etiladi.
Ana shu davrda Movarounnahr zaminida ilm-fan va ma’naviy tafakkur rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalardan biri Hakim Termiziy edi. Uning ilmiy merosi hadislarni to‘plash va rivoyat qilish bilan cheklanib qolmay, ularning mazmun-mohiyatini anglash, ma’naviy qirralarini ochib berish va inson hayoti bilan bog‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Hakim Termiziyning ilmiy qarashlarini o‘rganish orqali o‘sha davrda hadis ilmi qanday shakllangani, muhaddislarning rivoyatlarga munosabati, hadislarning zohiriy va botiniy mazmunini anglashga bo‘lgan intilishlar haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Ilm muhitida kamol topgan alloma
Hakim Termiziyning ilmga bo‘lgan qiziqishi uning oilaviy muhiti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Manbalarda uning otasi muhaddis bo‘lgani va hadis rivoyat qilgani qayd etiladi. Allomaning o‘zi ham yoshligidan ilm ahli orasida kamol topgani haqida ma’lumot qoldirgan.
U otasidan 80 dan ortiq hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, onasidan ham hadis olgani haqida ma’lumotlar mavjud. Ota va ona tomonidan bobolarining ham hadis rivoyati bilan shug‘ullangani allomaning ilm muhitida tarbiya topganini ko‘rsatadi.
Hakim Termiziyning hadis ilmi bo‘yicha ustozlari va roviylari doirasi ham keng bo‘lgan. Tadqiqotlarda uning 170 ga yaqin ustozi nomi keltiriladi. “Navodir al-usul” asarida esa 223 nafar roviy qayd etilgani ko‘rsatiladi. Shu bois tabaqot asarlarida Hakim Termiziy nomi “al-Hakim” bilan bir qatorda “al-Hofiz” unvoni bilan ham tilga olinadi.
Bu ma’lumotlar allomaning hadis ilmiga jiddiy tayyorgarlik bilan kirib kelganini ko‘rsatadi. Biroq uning ilmiy qiyofasini faqat roviylar va hadislar soni bilan belgilab bo‘lmaydi. Hakim Termiziyning o‘ziga xosligi, avvalo, hadisga yondashuvi va uni talqin qilish uslubida namoyon bo‘ladi.
Hadisni rivoyat qilishdan uni anglashgacha
Hakim Termiziy asarlarida Qur’oni karim, qudsiy va nabaviy hadislar, sahobiylar, tobeiylar va tabaa tobeiylar rivoyatlari, zohidlar so‘zlari hamda boshqa manbalardan foydalangan. Biroq uning maqsadi ularni shunchaki bir joyga to‘plash emas edi.
Alloma hadisning mazmuniga, unda ifodalangan g‘oya va hikmatga, inson hayotidagi ahamiyatiga e’tibor qaratgan. Shu jihatdan uning asarlarida rivoyat va talqin bir-birini to‘ldirib boradi.
Tadqiqotlarda Hakim Termiziyning hadisga yondashuvida bir nechta o‘ziga xos uslub ajratiladi. Jumladan, tasavvufiy mazmundagi hadislarni jamlash va ularning ma’nosini sharhlash, muayyan mavzuga oid hadislarni bir joyga to‘plash, shuningdek, hadislarni sharhlab, ulardan amaliy xulosalar chiqarish uning ilmiy uslubiga xos jihatlar sifatida ko‘rsatiladi. Bu xususiyatlar “Ar-Radd ala-l-muattila” va “Al-Manhiyot” kabi asarlarida yaqqol ko‘rinadi.
Demak, Hakim Termiziy uchun hadisning qimmati faqat uning rivoyat qilinganida emas. Uning mazmunini tushunish, undagi ma’naviy saboqlarni anglash va hayotda qo‘llash ham muhim edi.
“Navodir al-usul” — ma’no va mazmun talqini
Allomaning hadis ilmidagi o‘ziga xos yondashuvini “Navodir al-usul” asari misolida yanada yaqqol ko‘rish mumkin. Mazkur asar hadislarni irfoniy talqin qilish an’anasining muhim manbalaridan biri sifatida qaraladi. Unda hadislar keltirilishi bilan birga, ularning mazmuni, ma’naviy ahamiyati va inson hayotiga daxldor jihatlari ham ochib beriladi.
Hakim Termiziy hadisning zohiriy ma’nosi bilan kifoyalanib qolmay, uning botiniy mazmuniga ham e’tibor qaratgan. Bu yondashuv uning fiqhiy qarashlarida ham namoyon bo‘ladi. U hadisdan kelib chiqadigan hukmni keltirish bilan birga, uning axloqiy va ma’naviy mohiyatini ham ochishga harakat qiladi.
Tarix fanlari nomzodi Ibrohim Usmonov Hakim Termiziyning ushbu xususiyatini shunday izohlaydi:
“Hakim Termiziy ushbu asarida faqat hadislarni jamlash bilan cheklanmay, har bir hadisni mufassal sharhlab, uning botiniy va zohiriy ma’nolarini, hikmatini ko‘rsatib, hadisning mazmun-mohiyatini har tomonlama tahlil qiladi hamda hadisning asl mag‘ziga yetib borishga, uni to‘liq idrok etishga harakat qiladi. Uning har bir sharhida tasavvufiy talqin sezilib turadi. Asarda hadislarni inson ma’naviy-ruhiy va maishiy hayotida qanday tatbiq qilish mumkinligi ko‘rsatib berilgan”.
Olimning bu fikri Hakim Termiziyning ilmiy uslubidagi muhim jihatni ochib beradi. Ya’ni alloma uchun hadisni o‘rganish uni yodlash yoki rivoyat qilish bilan yakunlanmagan. Hadisdagi ma’noni anglash, uning hikmatini tushunish va inson hayotidagi o‘rnini ko‘rsatish ham ilmning muhim qismi sifatida qaralgan.
Shu nuqtayi nazardan, “Navodir al-usul” Hakim Termiziyning ilmiy dunyoqarashini namoyon etuvchi muhim asarlardan biri hisoblanadi.
Sanad va matn masalasi
Hadis ilmida sanad (hadisni rivoyat qilgan kishilarning bir-biriga bog‘langan roviylar silsilasi)ning ahamiyati beqiyos. Hadisning kimlar orqali rivoyat qilinganini aniqlash, roviylarni o‘rganish va ularning ishonchlilik darajasini belgilash muhaddislar faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan.
Hakim Termiziy ham sanad masalasiga e’tibor qaratgan. Biroq uning qarashlarida hadis matni va mazmunini anglashga ham katta o‘rin berilgan. U hadisning ma’nosini ochish, uning Qur’on va sunnatga muvofiqligini ko‘rib chiqish, zohiriy va botiniy jihatlarini tahlil qilish zarurligini ta’kidlaydi.
Alloma muhaddislarni “ruvot”, “vuot” va “naqqolun” kabi toifalarga ajratadi. Bu tasnif orqali u hadis ilmida faqat rivoyatni yetkazish emas, uni anglash va mazmunini idrok etish ham muhim ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Hakim Termiziyning ayrim rivoyatlari keyingi muhaddislar tomonidan tanqid qilingani ham ma’lum. Xususan, “Navodir al-usul”dagi ayrim hadislarning sanadi va roviylari borasida bahslar mavjud. Muhammad Taqiy Usmoniy mazkur asarni hadis to‘plamlarining to‘rtinchi tabaqasiga kiritib, unda zaif hadislar ham uchrashini qayd etgan.
Shuning uchun alloma merosini o‘rganishda uning hadislarni talqin qilish uslubi bilan ayrim rivoyatlarning hadisshunoslik nuqtayi nazaridan bahsli jihatlarini alohida ko‘rib chiqish muhimdir.
“Manhiyot” — hadisning amaliy ahamiyati
Hakim Termiziyning hadis ilmidagi yondashuvi “Manhiyot” asarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Asarda 170 dan ortiq qaytaruv mazmunidagi hadis jamlangan.
Muallif har bir masalani faqat hadis bilan cheklamaydi. Uning mazmunini ochish uchun Qur’on oyatlari, boshqa hadislar, sahobiylar, tobeiylar va ulamolar fikrlaridan foydalanadi. Zarur o‘rinlarda o‘z qarashlarini ham bayon qiladi. Keyin esa hadisning mazmuni sharhlanib, undan tegishli xulosalar chiqariladi.
Asarda savdo-sotiq, qarz, oltin va kumush bilan bog‘liq muomalalar, suvdan foydalanish kabi turli masalalarga murojaat qilinadi. Bu esa Hakim Termiziyning hadisni insonning kundalik hayotidan ajratmaganini ko‘rsatadi.
Uning yondashuvida hadis insonning e’tiqodi va ibodatigina emas, balki axloqi, muomalasi va jamiyatdagi munosabatlari bilan ham bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.
Hakim Termiziy merosi — Markaz ekspozitsiyasida
Asrlar davomida ilmiy qiymatini saqlab kelayotgan Hakim Termiziy merosi bugun O‘zbekistonda ham keng o‘rganilmoqda va targ‘ib etilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida yurtimiz zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy merosi keng yoritilgan. Ana shu ekspozitsiyadan Hakim Termiziyning ilmiy merosi ham munosib o‘rin olgan.
Ekspozitsiyada Birinchi Renessans davrida Movarounnahrda ilm-fan, ma’rifat va tafakkur yuksalishida muhim o‘rin tutgan allomalar faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etilgan. Hakim Termiziy merosining ham ushbu makonda namoyon etilishi allomaning hadis ilmi va ma’naviy tafakkur tarixidagi o‘ziga xos o‘rnini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Hakim Termiziyning asarlarida ilm bilan ma’naviyat, hadis bilan fiqh, rivoyat bilan talqin o‘rtasidagi uyg‘unlikka e’tibor qaratilgani uning merosini Birinchi Renessans davri ilmiy muhitining muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rish imkonini beradi.
Shu jihatdan Markaz ekspozitsiyasida alloma merosining o‘rin olishi faqat tarixiy ma’lumotni namoyish etish emas, balki ajdodlarimiz yaratgan ilmiy va ma’naviy boylikni bugungi avlodga yetkazishning zamonaviy ko‘rinishidir.
Merosdan ma’rifat sari
Hakim Termiziyning ilmiy merosi Movarounnahrda hadis ilmi bilan bir qatorda fiqh, axloq va tasavvuf tafakkuri ham yuksak darajada rivojlanganini ko‘rsatadi. Allomaning asarlarida hadisni rivoyat qilish va uni anglash, uning mazmunini sharhlash va hayotga tatbiq etish bir-biri bilan uzviy bog‘langan.
Uning “Navodir al-usul” va “Manhiyot” kabi asarlari orqali hadislarning inson ma’naviy hayoti, axloqi va kundalik munosabatlaridagi ahamiyatini ko‘rish mumkin.
Eng muhimi, Hakim Termiziy merosi bizga ilmning faqat ma’lumot to‘plashdan iborat emasligini anglatadi. Ilmni anglash, undan to‘g‘ri xulosa chiqarish va uni inson kamolotiga xizmat qildirish ham uning muhim vazifalaridan biridir.
Bugun allomaning ilmiy merosi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida namoyish etilayotgani esa ana shu boy ilmiy an’ananing davomiyligini ko‘rsatadi. Termiz zaminidan yetishib chiqqan Hakim Termiziyning asrlar oldingi ilmiy qarashlari bugun zamonaviy muzey va ilmiy-ma’rifiy makon orqali yana bir bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilmoqda.
Shu ma’noda, Hakim Termiziyning merosi — nafaqat hadis ilmi tarixining muhim qismi, balki yurtimiz zaminida shakllangan yuksak ilmiy va ma’naviy tafakkurning yorqin namunalaridan biridir.
Muallif: Durdona Rasulova, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati