Shu yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston musulomonlari idorasi Kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Idoraning “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “Mo‘yi muborak” madrasa-muzeyida saqalanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafi matnini tadqiq qilishda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlarga urg‘u qaratildi. Xususan, Shayx Alijon qori Fayzulloh Hazrati Usmon Mus'hafi xatiga oid muhim qoida, qiroatlar va ularning yozilish qoidalari hamda Mus'hafi sharifni yozishda omonatdorlikka alohida e’tibor qaratish alohida ta’kidladi. Shuningdek, tadqiqotda amalga oshirish lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Hozirda maxsus reja asosida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini tadqiq qilish ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan:
Ma’lumot o‘rnida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasida Qur’oni karim qo‘lyozma nusxalarining nodir namunalaridan biri Hazrati Usmon Mus'hafi saqlanadi. Qur’oni karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lgan.
2023 yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish topshiriqlari bo‘yicha tuzilgan 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan.
Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi sa’y-harakati bilan mahalliy va xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Axelle Deleau va Coraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar ishtirokida Hazrati Usmon mus'hafini kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, “Yengil restavratsiya ishlari”ni amalga oshirishda Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olingan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.
“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.
Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati