frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

“Diningizda haddan oshmang”

27.10.2025   6805   2 min.
“Diningizda haddan oshmang”

Islom insonlarni mo‘tadillik va o‘rta yo‘lga da’vat etadigan dindir. Unda haddan oshishga ham, bee’tiborlikka ham o‘rin yo‘q. Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda: “Diningizda haddan oshmang va Allohga nisbatan haqdan boshqani aytmang” (Niso surasi, 171-oyat)

Bu oyat orqali musulmonlarga ulkan saboq berilgan. Dinda haddan oshib, chuqurlashish yoki g‘uluv ketish xatarli illatdir.

“G‘uluv” chuqurlashish, haddan oshish ma’nolarini anglatadi. Dinda g‘uluv insonning shariatda belgilangan chegaradan chiqib, bir masalaga haddan ortiq darajada berilib chuqur ketishini bildiradi.

Bunday holat ko‘pincha yaxshi niyat bilan boshlanadi. Dinga ko‘proq amal qilish, taqvodor bo‘lish niyatida o‘zi bilmagan holda chegaradan chiqish yuz beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan niyat bid’at va zalolatgacha olib borishi mumkin.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom g‘uluvdan qat’iy qaytarganlar. Bir hadisda shunday deyiladi:

“Ey Odamlar, dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar! Sizlardan oldingilarni dinda g‘uluvga ketish halok qildi” (Ibn Moja, Nasoiy va Ahmad rivoyati).

Boshqa hadisda esa: “Nasorolar Isoni maqtaganidek, meni maqtamanglar. Men haqimda faqat: “U Allohning bandasi va elchisidir,” deb aytinglar” (Buxoriy rivoyati).

Bu hadislar shunga dalilki, Rasululloh alayhissalom muhabbatda ham mo‘tadil bo‘lishni buyurganlar.

G‘uluvning ko‘rinishlari:

  1. Shaxslarga nisbatan haddan oshish – ba’zi insonlarni haddan ortiq maqtab, ularni xato qilmaydigan darajaga olib chiqadilar. Insonga ta’rif berganda, men bu insonni mana shunday, deb hisoblayman deyish, o‘rta yo‘ldir.
  2. Ibodatda chuqur ketish – jismga yomon ta’sir qilsa ham tun bo‘yi uxlamay ibodat qilishni taqvodorlik deb hisoblash. Rasululloh alayhissalom bu holatni ma’qullamaganlar.
  3. Boshqalarni kofirga chiqarish – o‘z fikriga qo‘shilmagan musulmonni “dindan chiqqan” deb aytish ham g‘uluvning eng xavfli ko‘rinishidir.

Islom dini mo‘tadillikdir. Alloh taolo ummati Muhammadni shunday vasflagan:

“Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat).

Oyatda musulmonlar har bir ishda, xususan, dinda ham o‘rta yo‘lni tanlashiga chaqirilmoqda. Bu yo‘l – sunnat yo‘lidir.

G‘uluv – yaxshi niyat bilan boshlansa ham, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan islomning yo‘li ibodat va ilmda mo‘tadillikdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

12.08.2026   46601   1 min.
Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
 

Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.

Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!

O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda